Samarqand davlat universitetida Mahmudxo‘ja Behbudiy merosiga bag’ishlangan xalqaro konferensiya o’tkazildi…
Samarqand davlat universiteti Markaziy Osiyo xalqlari tillari va madaniyati institutida Mahmudxo‘ja Behbudiy hayoti va ilmiy-ma’rifiy merosini chuqur o‘rganishga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘tkazildi. Tadbir “Mahmudxo‘ja Behbudiy merosi va jadidchilik harakatini o‘rganishning dolzarb masalalari” mavzusida tashkil etildi.
Anjumanni Samarqand davlat universitetining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Hakim Xushvaqtov ochib berdi. U o‘z nutqida Behbudiy merosining nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun turkiy dunyo ma’naviy hayotidagi o‘rni, uning ilg‘or g‘oyalari zamonaviy davrda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmaganini alohida ta’kidladi.
Tadbirda viloyat hokimligi vakillari, adabiyotshunos va tarixchi olimlar, ijodkorlar, professor-o‘qituvchilar, jurnalistlar hamda talabalar faol ishtirok etdilar. Konferensiyada yurtimiz va xorijiy mamlakatlardan taniqli mutaxassislar so‘zga chiqib, o‘z ilmiy qarashlarini bildirdilar.
Xususan, Istanbul Kultur universiteti professori Vahid Turk, Qozog‘istondagi Jumatbek Tashenov nomli universitet direktori Janna Botaboeva, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori Bahodir Karim, Arxeologiya milliy markazi bosh ilmiy xodimi Dilorom Alimova, Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi bosh ilmiy xodimi Bahrom Irzayev, Mahmudxo‘ja Behbudiy uy muzeyi mudiri Gulmamat Axmedov, dotsent Dilafruz Jabborova va boshqa olimlar Behbudiy shaxsiyati, uning milliy uyg‘onish davridagi faoliyati, siyosiy qarashlari hamda ma’naviy merosi haqida atroflicha so‘z yuritdilar.
Konferensiya jarayonida Turkiyadan onlayn tarzda ishtirok etgan mutaxassislarning ma’ruzalari tinglandi. Ular Behbudiy g‘oyalari bilan Turkiya jadidchilik harakati o‘rtasidagi o‘xshashliklar, milliy uyg‘onish g‘oyalarining zamonaviy talqinlari haqida fikr bildirdilar.
Tadbir doirasida Mahmudxo‘ja Behbudiy uy-muzeyi xodimlari tomonidan tayyorlangan videolavha namoyish etilib, unda Behbudiyning hayoti, ijodi, matbuot, teatr va ta’lim sohasidagi faoliyati jonli tasvirlar orqali yoritildi.
Konferensiya ishtirokchilari “Turkiy yurtlarda jadidchilik harakati va Mahmudxo‘ja Behbudiy”, “Turkistonda jadidchilik harakatining shakllanish va rivojlanish bosqichlari”, “Behbudiyning Turkiston teatr san’ati taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi”, “Mahmudxo‘ja Behbudiy va Turkistondagi siyosiy jarayonlar”, “Behbudiy orzusi: hurriyat va taraqqiyot”, “Mahmudxo‘ja Behbudiy – zamonaviy o‘zbek davlatchiligi asoschisi”, “Jadidlarning Turkistonda harbiy islohotlar o‘tkazishga qarashlari tahlili” hamda “Samarqand jadidlarining Turkiston ma’rifatparvarligidagi o‘rni” kabi mavzularda ilmiy ma’ruzalar bilan chiqish qildilar.
Tadbir yakunida ilmiy bahs-munozaralar o‘tkazilib, Behbudiy merosini chuqur o‘rganish, uni yosh avlod qalbiga singdirish, shuningdek, jadidchilik harakatining bugungi kun bilan ideaviy hamohang jihatlarini yoritish bo‘yicha muhim taklif va tavsiyalar ilgari surildi.









Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.

