Samarqand davlat universitetida xalqaro konferensiya bo'lib o'tadi
Samarqand davlat universiteti sun'iy intellekt va raqamli texnologiyalar fakultetida 2025-yil 7–8-noyabr kunlari “The 5th International Conference on Trends in Electronics and Health Informatics (TEHI-2025)” nomli V xalqaro ilmiy-texnik konferensiya bo‘lib o‘tadi.
Bugungi kunda zamonaviy dunyo sun’iy intellekt texnologiyalari tufayli keskin o‘zgarishlar davriga kirib bormoqda. Sun’iy intellekt nafaqat robototexnika yoki dasturlash sohasida, balki sog‘liqni saqlash, biotibbiyot, elektronika va ta’lim yo‘nalishlarida ham inson hayotini yengillashtiruvchi muhim omilga aylanmoqda.
Shu bois, ushbu masalalar yuzasidan fikr almashish, ilmiy asoslangan xulosalarga tayanib ish yuritish nihoyatda muhim ahamiyat kasb etadi. TEHI-2025 konferensiyasining asosiy maqsadi — elektronika, sog‘liqni saqlash informatikasi va sun’iy intellekt texnologiyalari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni chuqur o‘rganishdir.
So‘nggi yillarda tibbiy diagnostika, kasalliklarni erta aniqlash, tibbiy tasvirlarni tahlil qilish hamda sog‘liqni muntazam kuzatishda sun’iy intellekt texnologiyalari mislsiz natijalar bermoqda.
Mazkur anjumanda AQSh, Hindiston, Janubiy Koreya, Turkiya, Malayziya, Germaniya, Kanada, Yaponiya, Xitoy, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Bangladesh, Qozog‘iston kabi ko‘plab mamlakatlardan taniqli xorijiy olimlar ishtirok etishi kutilmoqda.
Shuningdek, Respublikamizdagi 40 dan ortiq sohalarga oid tashkilotlardan mutaxassislar ham sun’iy intellekt, sog‘liqni saqlash informatikasi, IoT va kiberxavfsizlik yo‘nalishlaridagi bugungi dolzarb masalalar hamda ularning istiqbolli yechimlariga bag‘ishlangan ma’ruzalari bilan qatnashadilar.
Tadbir gibrid formatda, ya’ni oflayn va onlayn shaklda o‘tkaziladi.

