Intensiv sharoitda bedana boqish sirlari

- Qanday qilib bedanani tez fursatda tuxum berishga tayyorlash mumkin?
- Bedana tuxumi umrni uzaytiradi, ko‘rish qobiliyatini yaxshilaydi.
- Dietologlar tovuq tuxumida xolesterin mavjudligi tufayli uning o‘rniga bedana tuxumini tavsiya qilishi rostmi?
Samarqand davlat universiteti biologiya fakulteti magistranti Nargiza Mamarizayeva “Bedana ratsionini sut zardobi bilan boyitishning to‘yimli moddalar iste’mol qilinishiga va hazm jarayonlariga ta’siri” mavzusida ilmiy tadqiqot olib bormoqda. Ilmiy rahbari odam va hayvonlar fiziologiyasi va biokimyo kafedrasi dotsenti Mirzo Kuziyev. Shu kungacha ilmiy tadqiqoti yuzasidan yozgan maqolalari AQSH, Polsha, Rossiya davlatlaridagi nufuzli ilmiy nashrlarda chop etilgan.
– Bugungi kunga qadar ko‘plab mamlakatlar parrandachilik sanoatida bedanachilik tarmog‘i kundan-kunga rivojlanib bormoqda, - deydi tadqiqotchi Nargiza Mamarizayeva. - Bedanalar boshqa parrandalarga nisbatan ko‘p miqdorda tuxum, sifatli va mazali go‘sht berish xususiyati bilan alohida o‘ringa ega. Germaniya, Yugoslaviya, Fransiya, Angliya, Italiya, Kanada kabi mamlakatlarda bedana mahsulotlariga talab juda yuqori. O‘zbekistonda ham bugungi kunda bedana yetishtirish bo‘yicha fermer xo‘jaliklari soni sezilarli darajada oshib borayotgan bo‘lsa-da, mahsulotga bo‘lgan talabni to‘liq qondirish ko‘rsatkichlari juda past. Shuning uchun intensiv usulda bedana boqish bugungi kun parrandachiligining muhim ahamiyatga ega vazifalaridan biridir. Tadqiqotimning maqsadi bedanani tez fursatda tuxum berishga tayyorlash uchun bedana ratsioniga foydali mahsulotlar, shu jumladan sut zardobi qo‘shishni hamda uning bedana rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatkichlarini o‘rganishdan iborat. Aksariyat sutni qayta ishlash zavodlarida sut zardobi chiqindi sifatida tashlab yuboriladi. Zardobni chiqindiga chiqarmasdan, uni parrandachilik, shu jumladan, bedanachilikda foydalanishni yo‘lga qo‘yish mumkin. Sut zardobini ozuqaviy qo‘shimcha sifatida parrandachilkka tadbiq etish ozuqaning to‘yimliligi va yedirimliligining oshishiga hamda bedana organizmining hazm faoliyatini yaxshilashga yordam beradi.
Bedanadan oziq-ovqat sanoatida yuqori to‘yimli, parhezbop go‘sht va tuxum mahsulotlari olinadi. Bedana go‘shtining o‘ziga xos xususiyati vitaminlar, mikro va makroelementlar, tez parchalanuvchi moddalarga boyligidir. Bedana go‘shti oziq-ovqat sanoatida birinchi navbatda parhezbopligi uchun qadrlanadi. Normal sharoitda bedana 35-45 kunligidan tuxum qo‘yishni boshlaydi. Bir yil davomida bir dona urg‘ochi bedana taxminan 2,5 kg tuxum massasini beradi, bu uning tirik vaznidan 20 baravar ko‘p degani. Bedana ratsioniga sut zardobi qo‘shilganda bedana organizmida ichki organlar faoliyati yaxshilanadi, kasallikka chidamliligi va immunitet ko‘rsatkichlari oshadi. Bedana tuxumi barcha ozuqa moddalarga boy mahsulotdir. Vitamin va minerallarining tarkibi jihatidan ular tovuqnikidan qolishmaydi. Bedana tuxumi tarkibida 2-3 barobar ko‘p aminokislotalar, temir moddasi, B, P, K, A guruhlari vitaminlari mavjud. Qolaversa, antibakterial, antitumor, immunomodulyatsion xususiyatlarga ega, yog‘ almashinuvini yaxshilaydi, qon bosimini normallashtirib, immunitetni kuchaytiradi. Soch va tishlar to‘kilishi hamda erta qarishning oldini oladi. Umrni uzaytiradi, ko‘rish qobiliyatini yaxshilaydi. Asab tizimi kasalliklari, kamqonlik, gipertoniya, bronxial astma va qandli diabetda ijobiy samara beradi. Dietologlar tovuq tuxumida xolesterin mavjudligi tufayli uning o‘rniga bedana tuxumini tavsiya qiladilar. Bedana tuxumida ham xolesterin mavjud, ammo uning tarkibida lesitin moddasining borligi sababli xolesterin neytrallashib, zararsiz holatga kiradi. Tovuq tuxumida esa lesitin mavjud emas. Xolesterin lesitin bilan neytrallashganda yurakka zarar yetkazmaydi hamda qon tomirlarini mustahkamlaydi.
Tadqiqot orqali O‘zbekiston sharoitida ilk marta bedana oziq ratsionini sut zardobi bilan boyitish orqali to‘yimli moddalar iste’moli va hazmlanish jarayoni yaxshilanishiga erishish mumkin. Tadqiqot natijalarining ilmiy ahamiyati sut zardobining ozuqaviy qo‘shimcha sifatidagi ahamiyati bilan bog‘liq bo‘lib, erishilgan yutuqlar yurtimizda qishloq xo‘jaligi va sanoatning ozuqaviy qo‘shimchalar ishlab chiqarish va qayta ishlashga yo‘naltirilgan tadqiqotlariga katta hissa qo‘shadi.
Iroda Bekmurodova,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar.