Yaxshilik zanjiri
Yigirmanchi asrning boshlari...
Bir Shotlandiyalik fermer uyiga qaytayotib, botqoqlik bo‘lgan bir yerning yonidan o‘tar ekan, birdan o‘sha tarafdan yordam so‘rab baqirayotgan ovoz eshitildi. Fermer ovoz kelgan tarafga yugurdi. U yerda botqoqlik o‘zining iflos qaʼriga tortayotgan bir bolani ko‘rdi. Bola o‘zini botqoqlikning qo‘rqinchli zichligidan chiqarishga chiranar edi. Lekin uning har bir harakati bilʼaks, uning tobora cho‘kishini tezlatar edi. Bola tirishgancha, qo‘rquvdan baqirar edi. Fermer tezda daraxtning qalin bir shoxini sindirib oldi. Haloskor ehtiyotlik bilan shoxni cho‘kayotgan bolaga uzatdi. Bola shoxga yopishib, uning yordamida xavfsiz yerga chiqib oldi.
Bolani kuchli titroq bosgan edi. U uzoq vaqt ko‘z yoshlarini to‘xtata olmadi, lekin asosiysi, u qutqarilgan edi!
- Yur men bilan, uyimga olib boraman, - taklif qildi fermer. - Sen o‘zingga kelib olishing kerak, qurinib va isinib olishing lozim.
- Yo‘q-yo‘q, - bola boshini chayqatdi, - meni otam kutyapti. U juda xavotir olayotgan bo‘lsa kerak.
Bola o‘z haloskorining ko‘zlariga minnatdorona tikilib turdi-da, yugurgancha ketdi...
Ertalab fermer, uyining oldiga boy bir izvosh kelib to‘xtaganini ko‘rdi. Izvoshga zotli otlar bog‘langan edi. Izvoshdan qimmatbaho kiyimlar kiygan bir janob tushdi va fermerdan so‘radi:
- Mening o‘g‘limning hayotini kecha siz saqlab qolgan edingizmi?
- Ha, men, - javob berdi fermer.
- Men sizga qancha to‘lashim kerak?
- Meni xafa qilyapsiz, janob. Siz menga hech narsa qarz emassiz. Chunki, men oddiy odam qanday harakat qilishi kerak bo‘lsa, shunday harakat qildim xolos.
— Yo‘q, men buni shunday qoldirolmayman. Chunki, o‘g‘lim men uchun juda qadrli. Siz uni qutqarib qoldingiz. Istagan pulingizni so‘rang, — qistadi tashrifchi.
— Men bu haqda hech narsa gapirgim kelmayapti. Xayr.
Fermer ketish uchun o‘girildi. Shu vaqt uning yelkasiga ichkaridan o‘g‘ilchasi chiqib osildi.
— Bu sizning o‘g‘lingizmi? — so‘radi kibor mehmon.
— Ha, — g‘urur bilan javob berdi fermer, o‘g‘lining boshini silagancha.
— Keling bunday qilamiz. Men sizning o‘g‘lingizni o‘zim bilan Londonga olib boraman. Uning taʼlim olishi uchun barcha xarajatlarni to‘layman. Agar u sizdek oliyjanob inson bo‘lib yetishsa, u holda siz ham, men ham bu qarorimizdan afsuslanmaymiz...
Oradan yillar o‘tdi. Fermerning o‘g‘li maktabni tugatdi. Keyin tibbiyot Universitetini. Tez orada uning nomi penitsillin kashfiyotchisi sifatida dunyoga tanildi. Uning ismi Aleksandr Flemming edi.
Urushning arafasida Londonning boylar uchun klinikasiga o‘pkaning o‘ta shamollashi tashxisi bilan xuddi o‘sha janobning o‘g‘lini keltirishdi.
Bu gal uning hayotini qutqarib qolinishiga nima sabab bo‘ldi, deb o‘ylaysiz? — Ha, Aleksandr Flemming tomonidan kashf qilingan penitsillin. Flemmingga taʼlim bergan boy janobning ismi Randolf Cherchil edi. Uning o‘g‘lini esa Uinston Cherchil deyishardi. O‘sha, keyinchalik Angliyaning premyer-ministri bo‘lgan Cherchil.
Uinston Cherchil aytgan edi: «Sen tomondan qilingan narsa albatta senga qaytadi».
Ruschadan Shoolim Shomansurov tarjimasi

