Shaanxi Normal universiteti delegatsiyasi Samarqand davlat universitetida
Samarqand davlat universitetiga Xitoy Xalq Respublikasining Shaanxi Normal universiteti xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori Jen Syaovey (Ren Xiaowei) boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Mehmonlarni SamDUning xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Akmal Axadov hamda Xalqaro ta’lim dasturlari markazi direktori Sardor Umarov kutib oldilar.
Dastlab mehmonlar bilan ikki tomonlama hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari — qo‘shma ta’lim dasturlari, xitoy tili va madaniyati markazini tashkil etish, mamlakatshunoslik hamda mintaqashunoslik sohalarida hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Asosiy muzokaralardan so‘ng mehmonlar va universitet jamoasi SamDU hamda Shaanxi Normal universiteti hamkorligida tashkil etilgan tarix yo‘nalishidagi qo‘shma ta’lim dasturlari bitiruvchilari bilan uchrashuv o‘tkazdilar. Uchrashuv davomida ta’limning keyingi bosqichlarida tahsil olish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Shundan so‘ng delegatsiya universitetda Shaanxi Normal universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan Xitoy tili va madaniyati qo‘shma markaziga tashrif buyurdi. Mehmonlar markaz faoliyati bilan yaqindan tanishib, uni yanada rivojlantirish va hamkorlikni kengaytirish istiqbollari bo‘yicha kelgusidagi rejalarni muhokama qildilar.

