XITOYDA TAJRIBA ORTTIRAYOTGAN SAMDU YOSHLARI
Samarqand davlat universiteti Biokimyo instituti talabalari, magistrantlari, doktorantlari va professor-o‘qituvchilaridan iborat tadqiqot guruhi Xitoy Xalq Respublikasining Zhejiang qishloq xo‘jaligi universitetida malaka oshirmoqda.
“Aqlli qishloq xo‘jaligi va madaniyat almashinuvi” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ushbu jarayonda qishloq xo‘jaligi, biologiya va kimyo yo‘nalishlari bo‘yicha malakali xorijiy professor-o‘qituvchilar tomonidan zamonaviy laboratoriyalarda, ilg‘or texnologiyalar asosida mashg‘ulotlar tashkil etilgan.
Ayniqsa, amaliy darslarning bevosita ishlab chiqarish korxonalari, aqlli issiqxonalar hamda eng so‘nggi texnologiyalar bilan jihozlangan laboratoriyalarda o‘tkazilishi o‘zbekistonlik yoshlarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashiga xizmat qilmoqda. Bu esa ularning kelajakdagi ilmiy va kasbiy faoliyati uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
Shuningdek, SamDU vakillari Xitoy xalqining tarixiy an’analari va madaniy merosi saqlanib qolgan qadimiy hunarmandchilik, kulolchilik hamda gulchilik markazlarida tashkil etilgan amaliy mashg‘ulotlarda ham faol ishtirok etib, o‘z iqtidor va salohiyatlarini namoyon etdilar.


















