Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari Samarqand davlat universitetiga tashrif buyurdi…
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining birinchi o‘rinbosari, 3-darajali adliya maslahatchisi Bahriddin Valiyev Samarqand davlat universitetida viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari hamda mahalla vakillari ishtirokida uchrashuv o‘tkazdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–1 va PQ–2-son qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.
Tadbirda Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov, Samarqand viloyati prokurori Murodqosim Eshnazarov, Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Tohir Aripov hamda tegishli mutasaddilar qatnashdi.
Yig‘ilishda talaba-yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, ularning huquqiy madaniyatni yuksaltirish, shuningdek, bu borada amalga oshirilayotgan umumprofilaktik ishlarning samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida yoshlar bilan ishlash, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda jamoat tartibini ta’minlash yo‘nalishida samarali faoliyat olib borayotgan universitet profilaktika inspektori Shahboz Murodullayev va SamDUda faoliyat yuritayotgan “Qalqon” jamoasi a’zolarining xizmatlari e’tirof etildi. Ularga namunali faoliyati uchun esdalik sovg‘alari topshirildi.






















