Danning-Kryuger effekti to‘g‘risida eshitganmisiz?

Savol:
Yoshligimdan aʼlochi bo‘lganman. Xozir oddiy davlat ishchisiman. Baʼzi maktabni va institutni zo‘rg‘a tamomlagan do‘stlarim ancha muvaffaqiyatga erishib ketgan. Buni qanday izohlasa bo‘ladi? Yoki men omadsizmanmi?
1999-yilda Danning-Kryuger fenomenini Jastin Kryuger va Devid Danning ilgari surishdi. Bu fenomenga muvofiq, past kvalifikatsiyali shaxslarga quyidagilar xarakterli:
O‘z ko‘nikma va tajribalarini yuqori baxolash.
Atrofidagi shaxslarni oliy darajadagi ko‘nikma va bilimlarini adekvat tarzda baxolay olmaslik. O‘z bilim va tajriba yuzasidan ko‘nikmasi past ekanligini anglamaslik.
Malaka oshirgach yoki o‘qigach, ularning kompetentligi o‘zgarmagan bo‘lsa-da, o‘zini avvalda tajribasiz, bilimsiz bo‘lganligini anglash xususiyati.
Bundan quyidagi xulosalar kelib chiqadi:
Ular doim o‘zlarini xaq deb o‘ylashadi, bu esa ularga o‘ziga ishonch xissini beradi. Ular o‘zlarini professional deb biladilar. Chunki adekvat tarzda o‘zi va boshqalarni solishtira olmaydi.
Bu fenomen hayotimizda uchraydigan psixologik paradoks hisoblanadi. Hayotda tajriba, ilm, intellekti baland bo‘lgan shaxslar o‘zini kompetentligi, qobiliyati jihatidan ko‘p ikkilanishadi, bu ish nima bilan tugashini, oqibatlarini o‘ylab, ko‘p ishni hatto boshlay olishmaydi.
Past kvalifikatsiyali, intellekti sayoz odamlar esa o‘zini daho hisoblab, ishonch bilan olg‘a intiladilar va muvaffaqiyat qozonadilar.
Danning va Kryuger bu gipotezalari yuzasidan Kornell universiteti psixologiya kursi tinglovchilaridagi studentlar ishtirokida eksperiment tadqiqot o‘tkazishadi. Bu tadqiqot uchun ular 2000 yilda psixologiyadan Shnobel mukofotini qo‘lga kiritishadi.
Bu fenomen asosida quyidagi fikrlar yotadi:
«Biladigan gapirmaydi, gapiradigan bilmaydi» (Lao-Szi)
«Chin bilim-o‘z bilimsizligining chegarasini bilishdadir» (Konfutsiy)
«Men hech narsani bilmasligimni bilaman» (Suqrot)
«Axmoq o‘zini aqlli hisoblaydi, aqlli inson esa o‘zini axmoq deb o‘ylaydi» (Shekspir).
Muxtasam Sulaymonov
Samarqand davlat universiteti
Psixologiya va ijtimoiy munosabatlar fakulteti o‘qituvchisi