Armonga aylangan orzu
Fleshbek
O‘tgan yili kitoblar do‘koniga borganimda Abduqayum Yo‘ldoshevning “Puankare” kitobiga ko‘zim tushdi. Kitob muqovasidanoq o‘zgacha dizayn, albatta, meni o‘ziga jalb etmasdan qolmadi va asarning mazmuni bilan qiziqib kitobni sotib oldim. Bu hikoya haqiqatan ham men izlagan asar edi. Hozirgacha o‘zbek adabiyotidagi eng sevimli asaring qaysi deyishsa, albatta, “Puankare” deb javob beraman.
Asar haqida
Abduqayum Yo‘ldoshevning ushbu asari bir umr o‘zi uchun yashashni orzu qilgan, endi bunga vaqt kelganda esa umrining nihoyasi yetib qolgan bechora matematik haqida. Asarni o‘qish davomida Puankare aslida nima ekanliga javob olamiz.
Syujet
Asar o‘ttiz besh yil oldin qahramonning talabaligida olingan portfel ta’rifi bilan boshlanadi. Vaqt har narsaga o‘z ta’sirini o‘tkazgandek, portfel ham ancha eskirib, uniqib qolgan edi. Jo‘shqin talabalik davrida qilingan qahramonimizning orzulari ham portfel misoli eskirib qolgan edi.
Asar qahramoni universitetda talabalarga matetematikadan dars beradi. Oilasidagi muhit, universitetdagi talabalarning bilimsiz, betgachopar, loqaydligi bechora domlaning tilini duduq, qaddini bukib qo‘ygan edi. Kamiga, yoshligida do‘stining qilgan xiyonati tufayli yo‘qolgan qo‘lyozmalari uning yurak bag’rini ezardi. Mana shularni o‘ylagan qahramonimiz asta-sekin o‘zining xotiralarini birin-birin eslay boshlaydi.
Institutni bitirish arafasida asar qahramoni Puankare gipotezasining shaydosiga aylanadi. Bu gipoteza ko‘pgina mashhur olimlarni o‘ylantirgan, ammo yechimi topilmagan edi. Biroq hali yosh va romantik bo‘lgan qahramonimiz bu gipotezani yechishga astoydil harakat qilmoqchi bo‘ladi, hatto nomzodlik ishiga mavzu qilib olmoqchi bo‘lganida ilmiy rahbari uni bu fikrdan qaytaradi. Shunda o‘z niyatidan qaytmagan qahramonimiz dissertatsiya mavzusini rahbar aytgandek qilib, gipoteza yechimini o‘zi topishga harakat qiladi.
Yetti farzandli xonadonning to‘ng’ichi bo‘lgan qahramonning ota-onasi uni uylantirish payiga tushib qoladi. Kelin ham naqd, otasining do‘stining qiziga qarz havola qilib to‘yni ham boshlab yuborishadi. Birgina gapini noto‘g’ri tushunish oqibatida qaynanasi kuyovini yomon ko‘rib qoladi. Shunda uning boshiga qarzlardan qutulish, oila , bola-chaqa tashvishi tushadi va uning oliy maqsadi bo‘lgan Puankare yechimsiz qolib ketaveradi.
U har doim talabalarga ma’ruzaga kirar ekan, bu jumboqni yechish uchun o‘ziga sherik izlaydi, lekin har doim urinishi natijasiz bo‘lib chiqaveradi. Biroq, bir kuni u shunday sherikni topadi. Bu yosh yigit u kutganidan ham ko‘ra aqlli, zehnli bo‘lib chiqadi, qahramonimiz yigitchaga Puankare uchun 1 million dollar qo‘yilganini, agar gipotezani isbotlay olishsa, hamma pulni unga berishini aytadi. Talaba yigit bunga rozi bo‘ladi. Ammo biroz vaqtdan so‘ng talaba yigit ham, oilasida to‘ng’ichi ekani va uylanayotganini aytib, domlasiga to‘yiga taklifnoma berib ketadi.
Bu orada Puankare gipotezasini Perelman ismli matematik olim isbotlaydi. Buni eshitib qahramon quloqlariga ishonmaydi, jinni bo‘lib qoladi. Shunda u o‘zini ovutish uchun xiyonatkor do‘st haqidagi yolg’onini to‘qiydi.
Tahlil
Abduqayum Yo‘ldoshevning ,,Puankare’’ hikoyasi o‘zbek xalqining azaliy fojeasini ko‘rsatib bergandek. O‘zbek xalqi bolajon xalq. Bolasi ulg’aygach uylantirish, uzatish tashvishiga tushadi. Nevara ko‘rib yayragisi keladi. Bu istagini amalga oshiradi. Keyin farzandi ham farzand ko‘radi, u ham bolam katta bo‘lsin deydi, endi o‘zi uchun mehnat qilmoqchi bo‘lganda esa umrining nihoyasi yaqinligini sezadi. Bu jarayon charxpalakdek aylanib davom etadi. Bir umr mehnat qilib, endi o‘zi uchun yashamoqchi bo‘lgan qahramonning taqdiri ham fojeaviy yakun topadi. U Puankaresi uchun kurashadi, mehnat qiladi, biroq hayot sinovlari uni olg’a yurishga qo‘ymadi.
Asar orqali endigina mustaqillikka erishgan pallamizda xalqimizning nochorligi, oilaga ikkinchi odam aralashishi oqibatida bir oila tinchligiga putur yetishi, inson qadri kabi bir nechta fojealar ochib berilgan.
Ma’lumki, inson yashashi uchun moddiy ta’minot zarur. Uning fikrlashi uchun esa ma’naviy tomondan but bo‘lishi kerak bo‘ladi. Agar bu ikki narsa tugal bo‘lmasa inson hayoti to‘kis bo‘lmaydi. Ya’ni insonning yashash uchun puli bo‘lsa-yu, lekin ma’naviyati bo‘lmasa, unday insonning oilasi ham, o‘zi ham tinch bo‘lmaydi. Lekin faqatgina ma’naviyat bilan ham qorin to‘ymaydi. Demak, Ulug’bek Hamdamning “Muvozanat” asarida aytilganidek, insonda moddiy va ma’naviy muvozanat bo‘lishi zarur. Asar qahramoni universitetdan tashqari uchta joyda ishlaydi. Lekin oilasini ta’minlab berolmaydi. Ana shunda qahramonimizda moddiy tomondan muvozanati buzilganini ko‘ramiz.
Xalqimizda “Er-xotinning o‘rtasiga faqat esini yegan tushadi” degan maqol bor. Bu maqolning qanchalik to‘g’ri ekaniga asar davomida amin bo‘lamiz. Jumladan, qaynona aralashuvi tufayli yosh oilaning osoyishtaligiga putur yetadi.
Asardagi asl mazmun qahramonimizning mana shu jumlalaridan namoyon bo‘ladi: Men ham insonman. O‘zim uchun ozgina yashay, o‘zimning yoshlik orzu-niyatlarim uchun ozginagina ishlay. Armon bilan o‘tib ketmay dunyodan!
Asar orqali vaqtning qanchalar qadrli ekanini gipotezani isbotlashga ulgurmagan qahramon misolida tushunamiz. U ham vaqtida, yoshligida Puankareni yechishga bor vaqtini sarfalaganda edi, balki Perelman emas, u birinchi bo‘lardi.
Xulosa
Asardan xulosa qiladigan bo‘lsak, o‘z maqsadlarimiz uchun vaqtida harakat qilaylik, keyin kech bo‘lmasin. Muallif aytgandek, hayotda yechilmagan Puankarelar ko‘p. Faqat buni o‘z vaqtida yechishni boshlash kerak. Zero, Perelmanlardan oldin bunga ulgurib qolaylik, yoshligimizdan foydalanib qo‘ygan maqsadlarimiz tomon olg’a boraylik.
Qiziqarli faktlar
Puankare gipotezasi - har bir oddiy bog'langan ixcham uch o‘lchovli kollektor chegarasiz, uch o‘lchovli sferaga gomeomorf ekanligi haqidagi isbotlangan matematik farazdir. 1904 yilda matematik Anri Puankare tomonidan ishlab chiqilgan gipoteza Grigoriy Perelman tomonidan 2002-2003 yillardagi qator maqolalarida isbotlangan. 2006-yilda matematik birgalikda yashashning isbotini tasdiqlaganidan so‘ng, Puankare gipotezasi hozirgi paytda (2022) birinchi va eng muhim bo‘ldi.
Puankare gipotezasini isbotlagan Perelman o‘ziga taklif etilgan ko‘pgina mukofotlardan, jumladan yechim uchun beriladigan bir million dollardan ham voz kechgan.
Iqtiboslar
Hayotning oʻzi sonlardan iboratligi qanchalik rost boʻlsa, yosh bilan til eshilishining bir-biriga toʻgʻri mutanosibligi shunchalik haqiqat. Zero, men haliga dovur kam gapiradigan moʻysafidni koʻrmadim…
Biz afsonalar va oʻtriklarning yumshoqqina, issiqqina quchogʻida yashaymiz. Biz oʻzimiz shuni istaymiz, boshqasi kerak emas, boshqasi bizga yoqmaydi, notavon koʻnglimizga oʻtirishmaydi. Biz oʻzimiz toʻqib chiqargan rivoyatlarga-da ishonib kun kechiramiz, zarurat tugʻilib qolganda uydirmalarimizni yalov qilib koʻtaramiz, “Yagona haqiqat!”, himoya qilamiz, ular uchun jangga kiramiz, jon olib-jon beramiz, qahramonlik koʻrsatamiz. Misoli oʻrmonga adashib kirib qolgan otga beadad hayrat va qoʻrquv bilan termulib qolgan, soʻng, ot qarib vafot etgach, uni iloh darajasiga koʻtargan, suyaklariga sigʻina boshlagan goʻl aborigenlar misoli hayotimizdagi timsol va tushunchalarimizni avval oʻzimiz boʻy – bastimizga moslab yaratib olamiz-da, soʻng ularning ojiz bandilariga evrilamiz.
Kimgadir yoqar lola… Koʻngilga buyurib boʻlarmidi.
Matematikaning baribir hech narsa bilan tenglashtirib boʻlmaydigan oʻz ohanrabosi bor-da: bir pasda oʻziga tortib oladi-qoʻyadi. Ayniqsa uch oʻlchovli Yevklid fazosida erishilgan yechimlardan soʻng yarimevklidli fazo geometriyasi ochilmagan qoʻriq boʻlib turardi oʻziyam.
Vaqt, vaqt, vaqt… U bunchalar tez oʻtadi? Qayoqqa bunchalar shoshadi? Bu qattol shiddat inson umrini tushga, roʻyoga aylantirib qoʻymaydimi? Uxlading-u, uygʻonding. Qisqagina davom etgan tushingda esa butun umringni koʻrding. Bunchalar shafqatsizsan, vaqt…
Umuman, menimcha, koʻp hollarda soʻzlarning oʻzidan koʻra ularning aytilish ohangi, ifoda muhimroq. Soʻz shakl boʻlsa, ohang – mohiyat. Hamma gap mohiyatda, axir. Shunday emasmi? Axir shoir ham oʻzining sevgilisiga qarab, “Eh, qani endi dunyoda yana biron qiz seni men kabi yomon koʻrsaydi”, deydi, “yaxshi koʻrsaydi” demaydi. Illo oʻsha qiz oshigʻiga “yomon koʻraman” deb turib aslida “yaxshi koʻraman” degan, gap ohangi bilan aytgan. Shoir buni tushungan.
Bu dunyoda erkak kishi uchun eng ogʻiri – oʻzini oqlash. Ayniqsa, qilmagan gunohi uchun.
Singan koʻngilni chegalab boʻlmas ekan.
Umuman olganda esa, matematikani bilmaydigan odam boshqa fanniyam tushunmaydi. Ayniqsa bunaqa odam oʻzining johilligini bilmay, unga davo izlamay oʻtib ketishi yomon.
Shoirlar aldaydilar. Nima emish, qandaydir bir mavzuni yozmoqchi boʻlib yursang-u, uni sendan oldin kimdir qogʻozga tushirib qoʻysa, bundan xursand boʻlishing kerak ekan. Bekor gap! Ehtimol adabiyotda shundaydir, ammo aniq fanlarda emas.
Tabiatda boʻshliq boʻlmaydi. U albatta nima bilandir toʻldiriladi. Qanchalik tan olmaslikka urinmayin, qanchalik qarshilik koʻrsatmayin, jon-jahdim bilan inkor etmayin, biroq baribir tabiat qonunlari qoshida ojizligimni gʻira-shira boʻlsa-da idrok etib turardim: ong – shuurni, tafakkurni birdaniga ikki tomonga yoʻnaltirib boʻlmaydi, ikki kemaga osilgan gʻarq boʻladi. Inchunun, yo ilm, yo moddiyat! Unisidan ellik, bunisidan ellik foiz olib yashab boʻlmaydi. Buning samarasi chala tugʻilgan bolaga oʻxshab qolishi haqiqatga yaqinroq. Inchunun, tirikchilik gʻuboriga toʻlgan miyani yarqiratib tozalab tashlamoq, uning yoʻnalishini oldinga oʻzanga qaytarmoq imkonim xorijidagi ish emasmi…
Mashhura Kamolova,
Samarqand davlat universiteti
filologiya fakulteti talabasi.