Samarqand davlat universitetida taniqli tilshunos olim, o‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Ibodulla Mirzayev tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan “Tilshunoslik, tarjimashunoslik va lingvodidaktikaning dolzarb muammolari” mavzusida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi.

Konferensiyani Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov kirish so‘zi bilan ochdi. Rektor o‘z nutqida professor Ibodulla Mirzayevning o‘zbek tilshunosligi, tarjimashunoslik va ta’lim rivojiga qo‘shgan hissasini e’tirof etib, ustoz olimni qutlug‘ 80 yoshlik yubileyi bilan samimiy tabrikladi hamda esdalik sovg‘alarini topshirdi.

Samarqand davlat universiteti Axborot xizmati tomonidan professor Ibodulla Mirzayevning hayoti, ilmiy-ijodiy faoliyatiga bag‘ishlab tayyorlangan hujjatli film namoyish etildi.

Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyevning yubiley munosabati bilan yo‘llagan tabrigini viloyat hokimining o‘rinbosari Husan To‘xtayev o‘qib eshittirdi.

Anjumanda mamlakatimiz va xorijiy davlatlarning taniqli olimlari, ilm-fan va ta’lim sohasi vakillari ishtirok etib, professor Ibodulla Mirzayevning ko‘p yillik ilmiy-pedagogik faoliyati, yaratgan ilmiy maktabi va shogirdlar tarbiyasidagi xizmatlarini alohida e’tirof etdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori, professor Maqsud Asadov, Qozog‘iston Respublikasining Samarqanddagi Bosh konsuli Talgat Sharipov, Eronning Imom Rizo nomidagi xalqaro universiteti rektori Ibrohim Donishifar, Qozog‘iston davlat universiteti xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Shahlo Naraliyeva, Rossiya xalqlar do‘stligi universiteti professori Margarita Milseva, Tojikiston davlat chet tillar universiteti professori Olimjon Qosimov, akademik Nurislom To‘xliyev, professorlar Qozoqboy Yo‘ldoshev, Hamidullo Dadaboyev, Nurboy Jabborov, Hulkar Hamroyeva, Poyon Bakirov, Baxtiyor Mengliyev, Hasan Bo‘riyev, Gulchehra Rixsiyeva, Muxtorxon Umarxo‘jayev va boshqa ko‘plab olimlar samimiy muborakbod etdilar.

Xalqaro anjumanning badiiy qismi ham ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Tadbir yakunida mashhur Yunus Rajabiy sulolasining davomchisi, “Nihol” davlat mukofoti laureati Aziz Rajabiy professor Ibodulla Mirzayevni samimiy tabriklab, buyuk mutafakkir Alisher Navoiy g‘azalini ijro etdi.