O‘zbekiston–Ozarbayjon II rektorlar forumi: Samarqand davlat universiteti uchta universitet bilan hamkorlik memorandumlarini imzoladi
O‘zbekiston–Ozarbayjon II rektorlar forumi o‘z ishini davom ettirmoqda. Forum doirasida Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti Ozarbayjonning uchta nufuzli oliy ta’lim muassasasi — Qorabog‘ universiteti, Ozarbayjon texnika universiteti hamda Ozarbayjon davlat iqtisodiyot universiteti bilan hamkorlik memorandumlarini imzoladi.
Mazkur kelishuvlar ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi ilmiy-akademik aloqalarni mustahkamlash, qo‘shma tadqiqotlarni rivojlantirish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini kengaytirishga qaratilgan.
Hamkorlik doirasida qo‘shma ilmiy laboratoriyalar tashkil etish, akademik mobillik dasturlarini amalga oshirish, magistrant va doktorantlarning dissertatsiya ishlariga hamrahbarlik qilish, shuningdek, nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda hamkorlikda maqolalar chop etish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Ozarbayjon davlat iqtisodiyot universiteti bilan olib borilgan muzokaralarda iqtisodiyot yo‘nalishida akademik almashinuv dasturlarini kengaytirish, xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar tashkil etish hamda magistrant va doktorantlarning ilmiy tadqiqotlariga hamkorlikda rahbarlik qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, dissertatsiya himoyasi jarayonlariga ikki universitet professor-o‘qituvchilarini jalb etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Qorabog‘ universiteti vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda akademik mobillik dasturlari, jumladan, “Orhun” almashinuv dasturi asosida professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. O‘quv yili davomida kelishilgan mavzularda seminar-treninglar tashkil etish, qo‘shma o‘quv adabiyotlari va ta’lim dasturlarini ishlab chiqish, magistrlik dissertatsiyalari hamda bitiruv malakaviy ishlariga hamkor universitet professorlarini jalb etish bo‘yicha o‘zaro fikr almashildi. Bundan tashqari, ilmiy laboratoriyalarda qo‘shma tadqiqotlar olib borish yuzasidan ham kelishuvlarga erishildi.
Ozarbayjon texnika universiteti bilan hamkorlikda esa qishloq xo‘jaligi, sun’iy intellekt va muhandislik yo‘nalishlarida ilmiy-amaliy aloqalarni rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalar va innovatsion ishlanmalar bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.






