Samarqand davlat universitetida “Mustaqillikning 35 yilligi: milliy-ma’naviy taraqqiyot natijalari va ma’rifat targ‘ibotining dolzarb masalalari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi ijro etildi.

“Mustaqillikning 35 yilligi: milliy-ma’naviy taraqqiyot natijalari va ma’rifat targ‘ibotining dolzarb masalalari” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasini Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov ochdi. Anjuman davomida “Ajdodlar yodi” va “Mening Prezidentim” videofilmlari namoyish etildi.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari, siyosiy fanlar doktori Otabek Hasanov ma’ruza qildi. Ma’ruzada milliy ma’naviyatni oliy qadriyat darajasiga ko‘tarish, yoshlarni ma’rifatli qilish, mustaqillik g‘oyalarini kishilar ongiga singdirish, milliy-ma’naviy tarbiya tamoyillarini ishlab chiqish kabi ko‘lamli va dolzarb masalalar tilga olindi.

Otabek Hasanovning ma’ruzasida ko‘tarilgan masalalar yuzasidan SamDU rektori Rustam Xolmurodov, Respublika Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti direktori Muhammad Quronov va boshqalar o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Husan To‘xtayev anjuman ishtirokchilarini qutladi va ma’naviy-ma’rifiy ishlarning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.

Siyosiy fanlar doktori Narzulla Jo‘rayev “Global tahdidlar sharoitida jamiyat barqarorligini ta’minlashning ma’naviy-ma’rifiy mexanizmlari” mavzusida, tarix fanlari doktori, professor Abduhalil Mavrulov “Uchinchi Renessansning real imkoniyatlari nimalardan iborat?” mavzusida, sotsiologiya fanlari doktori, professor Mansur Bekmurodov “Mahalla raisining boshqaruvidagi yangi maqomi” mavzusida ma’ruza qildilar.

Anjumanda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan tayyorlangan “O‘zbek kelayotir tarix qa’ridan” nomli videofilm namoyish etildi.

“Mustaqillikning 35 yilligi: milliy-ma’naviy taraqqiyot natijalari va ma’rifat targ‘ibotining dolzarb masalalari” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi taniqli olimlarning ilmiy asoslangan, qiziqarli ma’ruzalaridan so‘ng ochiq muloqot va ilmiy munozara tarzida davom etdi.