Inson salomatligini saqlash, kasalliklarni davolash, kasallanishlarning oldini olish, tibbiy madaniyatni shakllantirish barcha zamonlarda dolzarb masala bo‘lib kelgan. Bu boradagi ilmiy tadqiqotlarning ko‘lami keng. Ulardan amalda samarali foydalanish esa alohida mavzu. Samarqand davlat universiteti Biokimyo instituti professori Xurshid Bozorov bilan suhbatda shu masalalar qiziqishimiz markazida bo‘ldi.

    — Siz va jamoangiz ayni paytda olib borayotgan tadqiqotlar qaysi dolzarb muammolarni hal etishga qaratilgan?

     Bugungi kunda insoniyat oldidagi eng katta tibbiy muammolardan biri — saraton kasalligi hisoblanadi. Bizning ilmiy jamoamiz aynan shu yo‘nalishda yangi avlod dorilarini kashf qilish va ishlab chiqarish ustida ish olib bormoqda. Asosiy maqsadimiz saraton hujayralarini aniq nishonga oladigan, sog‘lom hujayralarga salbiy ta’siri kam bo‘ladigan yangi kimyoviy birikmalarni sintez qilish va ularning biologik faolligini o‘rganishdir. Bundan tashqari, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalardan foydalanib, yangi dori vositalari ixtirosini tezlashtirish va samaradorligini oshirish bo‘yicha ham zarur tadbirlar amalga oshirilmoqda.

    — Ushbu tadqiqotlarning amaliy ahamiyati nimalarda ko‘rinadi?

     Bu tadqiqotlar, birinchi navbatda, yangi dori vositalarini kashf qilish uchun ilmiy asos bo‘lib xizmat qiladi. Agar laboratoriya tadqiqotlari muvaffaqiyatli yakunlansa, kelgusida ushbu birikmalar asosida saraton kasalligini davolash uchun yangi dori vositalari ishlab chiqilishi mumkin. Shu bilan birga, tadqiqotlarimiz mamlakatimizda farmatsevtika sohasi rivojlanishiga, mahalliy ilmiy maktablarning mustahkamlanishiga va yosh olimlarni tayyorlashga ham xizmat qiladi.

    — Tadqiqotlarning dastlabki natijalari va kelajagi haqida nima deya olasiz?

     Hozirgacha bir qator yangi kimyoviy birikmalar sintez qilindi va ularning ayrimlari laboratoriya sharoitida yuqori biologik faollik namoyon qildi. Tadqiqotlar natijalari asosida nufuzli xalqaro jurnallarda ilmiy maqolalar chop etilmoqda. Kelgusida Xitoyning Sian Szyatong universiteti va boshqa xalqaro hamkorlarimiz bilan birgalikda ushbu tadqiqotlarni yanada kengaytirish, yangi xalqaro grantlarni jalb qilish va amaliyotgacha bo‘lgan tadqiqot bosqichlariga o‘tishni rejalashtirganmiz.

    — Biokimyo instituti laboratoriyalarida olib borilayotgan ilmiy faoliyat xalqaro miqyosda e’tirof etilishida qanaqa omillar asosiy o‘rin tutadi?

     Bugungi kunda ilm-fanning xalqaro miqyosda e’tirof etilishi, birinchi navbatda, tadqiqot sifati, ilmiy yangilik darajasi va natijalarning amaliyot uchun ahamiyati bilan belgilanadi. Shu nuqtayi nazardan, Samarqand davlat universiteti Biokimyo instituti laboratoriyalarida olib borilayotgan tadqiqotlar zamonaviy tibbiyot va farmatsevtika oldida turgan dolzarb vazifalarni hal etishga qaratilgan.

    Laboratoriyalarimizda organik va tibbiy kimyo, biokimyo, molekulyar biologiya hamda yangi dori vositalarini kashf qilish sohalari bir-biri bilan uzviy bog‘langan holda rivojlantirilmoqda. Bu esa fundamental tadqiqotlarni amaliy natijalarga aylantirish imkonini bermoqda.

    Xalqaro e’tirof ilmiy tadqiqotlar ko‘lamini xorijdagi nufuzli ilmiy markazlar bilan hamkorlikda rivojlantirish imkonini beradi. Bugungi kunda biz Xitoyning yetakchi universitetlari va ilmiy markazlari, jumladan, Sian Szyatong universiteti, shuningdek, boshqa xalqaro hamkorlar bilan qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirmoqdamiz. Bu hamkorlik orqali ilg‘or texnologiyalardan foydalanish, tajriba almashish va yuqori darajadagi ilmiy natijalarga erishish imkoniyati kengaymoqda.

    Ilmiy faoliyatimizning xalqaro miqyosda e’tirof etilayotganining yana bir muhim jihati — tadqiqot natijalarining yuqori impakt-faktorli xalqaro jurnallarda muntazam chop etilayotganidir. Bu nafaqat olimlarimizning salohiyatini, balki universitetimizda shakllangan ilmiy maktabning raqobatbardoshligini ham namoyon etadi.

    Shuningdek, yosh tadqiqotchilarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Magistrantlar, doktorantlar va yosh olimlar xalqaro loyihalarga jalb etilmoqda, zamonaviy tadqiqot metodlarini o‘zlashtirmoqda va chet ellik hamkorlar bilan birgalikda ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Bu esa kelajakda mamlakatimiz ilm-fanining barqaror rivojlanishi uchun mustahkam asos bo‘ladi.

    Mening Xitoy Fan va texnologiyalar vazirligi tomonidan moliyalashtiriladigan Talented Young Scientist Program (TYSP) dasturi g‘olibi bo‘lganim ham aynan ushbu ilmiy muhit, xalqaro hamkorlik va universitetimizda olib borilayotgan yuqori darajadagi tadqiqotlarning xalqaro miqyosda e’tirof etilayotganining amaliy ifodasidir.

    Eng muhimi, Samarqand davlat universitetida vujudga keltirilgan zamonaviy ilmiy muhit, universitet rahbariyatining ilmiy tadqiqotlarga qaratayotgan doimiy e’tibori va xalqaro hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash siyosati bizga jahon ilm-fani bilan hamqadam bo‘lish imkonini bermoqda.

    Biz o‘z oldimizga faqat ilmiy maqolalar chop etishni emas, balki inson salomatligiga xizmat qiladigan yangi dori vositalarini kashf qilishni, bunga imkon beradigan innovatsion texnologiyalarni shakllantirishni asosiy maqsad qilib qo‘yganmiz.