Samarqand davlat universitetiga professor Ge Zhisheng boshchiligidagi Xitoyning Xi'an Jiaotong universiteti Kimyo fakulteti hamda mazkur universitetga qarashli Ikkinchi shifoxona delegatsiyasi tashrif buyurdi.  Mehmonlarni SamDUning xalqaro aloqalar bo‘yicha  prorektori Akmal Axatov qabul qildi.

Tashrif davomida tomonlar ilm-fan, innovatsion dori vositalarini yaratish, tibbiy kimyo, tabiiy birikmalar kimyosi, sun'iy intellekt asosidagi dori yetkazib berish tizimlari, klinik translatsiya va aniq tibbiyot yo‘nalishlarida hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.
Muzokaralar yakunida tomonlar o‘rtasida "Bir makon, bir yo‘l" tashabbusi doirasida "Aqlli dori vositalari"ni ishlab chiqish va ularni klinik amaliyotga joriy etish bo‘yicha uch tomonlama qo‘shma laboratoriyani tashkil etish to‘g‘risidagi bitim imzolandi.

Mazkur laboratoriya doirasida innovatsion dori vositalarini yaratish, ularni klinik amaliyotga tatbiq etish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish, xalqaro grant loyihalarida ishtirok etish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, yuqori malakali ilmiy kadrlarni birgalikda tayyorlash rejalashtirilgan.