TANIQLI OLIM TASHRIFI
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetiga dunyoning yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri — Massachusets texnologiya instituti (MIT) professori, yapon, xitoy va koreys adabiyoti hamda falsafasi bo‘yicha taniqli olima, professor Wiebke Denecke tashrif buyurdi.
Professor Wiebke Denecke MITning global Humanities dasturi direktori sifatida gumanitar fanlarni zamonaviy texnologiyalar va jamiyatdagi o‘zgarishlar nuqtai nazaridan qayta talqin etish hamda rivojlantirishga qaratilgan xalqaro tashabbuslarga rahbarlik qilib kelmoqda. QS World University Rankings reytingiga ko‘ra, MIT dunyoda birinchi o‘rinni egallagan oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.
Professor Wiebke Deneckeni Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov qabul qildi.
Muloqot davomida ikki universitet o‘rtasida ilmiy va akademik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, Samarqand davlat universitetining tarix, madaniy meros, Buyuk Ipak yo‘li tadqiqotlari, arxeologiya hamda tarix sohalaridagi boy ilmiy salohiyatini MITning global gumanitar tadqiqotlar borasidagi ilg‘or tajribasi bilan uyg‘unlashtirish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, akademik almashinuv dasturlari hamda global gumanitar fanlar sohasida uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini ta’kidladilar.

