POKISTON TA’LIM VAQF JAMGʻARMASI DELEGATSIYASI SAMARQAND DAVLAT UNIVERSITETIGA TASHRIF BUYURDI
Samarqand davlat universitetiga Pokiston Ta’lim vaqf jamg‘armasi (Pakistan Education Endowment Fund) delegatsiyasi tashrif buyurdi.
Delegatsiya tarkibidan Pokiston Ta’lim vaqf jamg‘armasi ijrochi direktori Seda Hajra Suhail, texnologiyalar bo‘yicha ijrochi direktor Mazhar Amir, jamg‘arma kotibi Murad Shuaib Khan hamda Pokiston Islom Respublikasi Federal ta’lim va kasbiy tayyorgarlik vazirligi huzuridagi IBCC direktori Suhail Ahmed o‘rin oldi.
Tashrif doirasida universitet rahbariyati va mas’ul mutasaddilar ishtirokida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida oliy ta’lim, ilmiy-tadqiqot hamda akademik hamkorlikni yanada rivojlantirish, ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida Samarqand davlat universitetida amalga oshirilayotgan islohotlar, ta’lim sifati va ilmiy salohiyatni yuksaltirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida universitet prorektori Akmal Axatov ma’lumot berdi.
Muzokaralar davomida Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti hamda Pokistonning nufuzli oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlarini rivojlantirish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar hamda ta’lim loyihalarini amalga oshirish yuzasidan taklif va mulohazalar bildirildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ta’lim va ilm-fan sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil rivojlantirish, akademik aloqalarni kengaytirish hamda istiqbolda qo‘shma ta’lim va ilmiy loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini ta’kidladilar.
Mazkur uchrashuv O‘zbekiston va Pokiston oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, xalqaro akademik aloqalarni kengaytirish hamda yangi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.

