Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida 4-bosqich iqtidorli guruh talabalari bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Tadbirdan maqsad talabalarning ilmiy-ijodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning tashabbus va takliflarini o‘rganishdan iborat bo‘ldi.

Mazkur uchrashuvda Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov, prorektorlar, institutlar direktorlari, fakultetlar rahbarlari hamda ingliz tili fani o‘qituvchilari ishtirok etdilar. Bitiruvchi talabalarning ta’lim olishi, ilmiy izlanishlari uchun yaratilgan sharoitlar, magistraturada o‘qishni davom ettirish, startap loyihalari va innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, ish bilan ta’minlash masalalari muhokama qilindi. Talabalarning taklif va mulohazalari inobatga olindi. Yoshlar uchun kelgusi faoliyatda foydali bo‘ladigan tavsiyalar va maslahatlar berildi.