Samarqand davlat universitetida bugun Oʻzbekiston va Yaponiya oliy taʼlim muassasalari rektorlarining V forumi boshlandi. Ushbu anjumanda Oʻzbekiston va Yaponiyaning nufuzli oliygohlari rahbarlari, xususan, Nagoya, Tsukuba, Kogakuin, Sofiya, Kioto chet tillar universiteti, Tokio metropoliten universiteti, Nagaoka texnologiya universiteti, Gifu, Yamagata va boshqa bir qator universitetlarning rektorlari, fan arboblari hamda mutaxassislari ishtirok etishmoqda.

    Forumni Samarqand davlat universiteti rektori, Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Rustam Xolmuradov ochdi. Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov forum qatnashchilarini muborakbod etdi. Vazir taʼlim, ilmiy tadqiqotlar sohasidagi hamkorlikning taraqqiyot nuqtayi nazaridan ahamiyatiga alohida eʼtibor qaratdi.

    Yaponiya taʼlim, madaniyat, sport, fan va texnologiyalar vaziri oʻrinbosari Masuko Hiroshi, Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senati raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev oʻz soʻzida forum ishiga muvaffaqiyatlar tiladi. Forum qatnashchilari huzurida soʻzga chiqqan Yaponiyaning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Kenji Hirata Oʻzbekiston va Yaponiya hamkorligi taʼlim, ilmiy tadqiqotlar sohasida ham davom etishi alohida ahamiyatga ega ekanligini taʼkidladi hamda ushbu hamkorlik istiqboliga katta umid bildirdi. Nagoya universiteti prezidenti Sugiyama Naoshi va boshqalar hamkorlikni kengaytirish va rivojlantirish borasidagi birlamchi vazifalar xususida fikr yuritishdi, ikki davlat oʻrtasidagi ilm-fan sohasidagi hamkorlik samaralari amalga oshirilayotganini alohida qayd etishdi.

    Oʻzbekiston va Yaponiya oliy taʼlim muassasalari rahbarlari forumi Samarqandda oʻtkazilishi ilmiy-taʼlimiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Ikki mamlakat xalqlarini asrlar davomida bogʻlab turgan doʻstlik rishtalari bugun zamonaviy sohalardagi amaliy hamkorlikda namoyon boʻlmoqda. Maʼlumot uchun aytish mumkinki, Oʻzbekistonning 6 universiteti Yaponiyaning Tsukuba, Nagoya, Kioto, Osaka, Tokio xorijiy tillar va Tokio qishloq xoʻjaligi universitetlari bilan hamkorlik qilmoqda. Oʻzbekistonlik 1600 dan ortiq talaba yapon tilini oʻrganmoqda, 2300 nafar oʻzbekistonlik yoshlar yapon universitetlarida tahsil olmoqda. JDS dasturi doirasida 444 magistr va 9 doktorant tayyorlandi. Forumda Nagoya universitetining Toshkentdagi vakolatxonasi, “Oʻzbekiston–Yaponiya yoshlar innovatsiya markazi” va Yaponiya Raqamli universiteti faoliyati muvaffaqiyatli hamkorlik namunasi sifatida eʼtirof etildi. Mazkur forum ikki davlat aloqalarini yangi bosqichga olib chiqishda muhim omil boʻlishiga ishonch bildirildi.

    Forum dasturi doirasida ikki mamlakat oliy oʻquv muassasalari oʻrtasida hamkorlik shartnomalari imzolandi.
    Samarqand davlat universitetida Tsukuba universitetining hamkorlik va aloqalar ofisi tantanali ravishda ochildi.

    Forum qatnashchilariga “Samarqandim” – “My Samarkand” jurnali taqdim etildi.