Samarqand davlat universiteti Markaziy Osiyo xalqlari tillari va madaniyati instituti hamda Turkologik predmetlarni o‘qitish majmui tantanali ravishda ochildi. Mazkur majmua Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi TIKAning moliyaviy va texnik ko‘magi asosida tashkil etildi.

    Nufuzli anjumanda TIKA rahbarining o‘rinbosari Umit Naji Yorulmaz, Turkiya Respublikasining Samarqanddagi Bosh konsuli Serdar Deniz, Qozog‘iston Respublikasining Samarqanddagi Bosh konsuli Talgat Sharipov, SamDU Markaziy Osiyo xalqlari tillari va madaniyati instituti direktori, professor Jo‘liboy Eltazarov hamda universitet va shahar ilmiy jamoatchiligi  vakillari ishtirok etdi.

    Professor Jo‘liboy Eltazarov o‘z nutqida Markaziy Osiyo xalqlari tillari va madaniyati instituti Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning qardosh va do‘st  Markaziy Osiyo davlatlari bilan do‘stona, yaqin qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlashni asosiy ustuvor tashqi siyosiy yo‘nalish sifatida belgilab bergani hamda ana shu vazifadan kelib chiqib, mintaqadagi qardosh xalqlarning tili, adabiyoti, tarixi va madaniyatini o‘rganish va yoshlarimizga o‘rgatish maqsadida universitet Kuzatuv Kengashi qaroriga ko‘ra tashkil etilganini qayd etib o‘tdi.

    Tadbirda so‘z olgan TIKA rahbarining o‘rinbosari Umit Naji Yorulmaz O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari yildan-yilga mustahkamlanib borayotganini ta’kidladi. Yangi o‘quv majmuasi nafaqat talabalarga, balki keng ilmiy jamoatchilikka ham yangi imkoniyatlar yaratishini alohida qayd etdi. Samarqandning tarixiy va ilmiy markaz sifatidagi o‘rnini alohida e’tirof etib, turkologiya sohasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar kelajak avlodlarning ma’naviy kamolotida muhim ahamiyat kasb etishini bildirdi. Unga ko‘ra, ushbu tashabbus kelajakda ikki xalq o‘rtasidagi ilmiy-ma’rifiy hamkorlikni yanada yuqori bosqichga olib chiqadi. Martabali mehmon nutqining so‘ngida 1890-yillarda turkiyalik fotomuxbir tomonidan suratga olingan “Turkiston” albomini SamDUga sovg‘a qildi.

    Professor Jo‘liboy Eltazarovning so‘zlariga ko‘ra, yangi majmua turkiy xalqlar tillari, adabiyoti va madaniyatini chuqur o‘rganishda mustahkam ilmiy-pedagogik baza vazifasini o‘taydi.

    Markaziy Osiyo xalqlarini birlashtirib turuvchi umumiy tarixiy ildizlar va madaniy qadriyatlarni o‘rganishda bu kabi tashabbuslarning muhimligi tadbir ishtirokchilari tomonidan ta’kidlab o‘tildi.

    Ma’lumot uchun, Markaziy Osiyo xalqlari tillari va madaniyati instituti Samarqand davlat universitetida faoliyat ko‘rsatayotgan 6-institut hisoblanadi.

 

Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.