Kasaba uyushmalari xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlari va manfaatlarini himoya qilish maqsadida tashkil etilganini barchamiz yaxshi bilamiz. 1948-yil 10-dekabrda qabul qilingan “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi”da ham har bir inson mehnat qilish, ishni erkin tanlash, adolatli va qulay mehnat sharoitlari va ishsizlikdan himoyalanish huquqiga, o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun kasaba uyushmalarini tuzish va ularga qo‘shilish huquqiga egaligi belgilab qo‘yilgan.

    Bu huquq dunyodagi deyarli barcha demokratik davlatlar Konstitutsiyasi va qonunlarida qayd etilgan. Uni amalga oshirishga tegishli davlat organlari bilan birga kasaba uyushmalari ham faol ishtirok etadi. O‘zbekiston kasaba uyushmalarining tarixi 1905-yildan boshlanadi. Lekin 1991-yilgacha, ya’ni O‘zbekiston mustaqillikka erishguncha Butunittifoq kasaba uyushmalari markaziy kengashi tarkibida bo‘lgan. Ayni paytda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining 13 ta tarmoq kasaba uyushmasi hamda 14 ta hududiy kengashlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Keyingi yillarda Federatsiya faoliyati takomillashishi barobarida jamiyat hayotida kasaba uyushmalari tashkilotlarining o‘rni va roli ham oshdi. Yurtimizda 11-noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari xodimlari kuni deb belgilandi. Davlatimiz  rahbari  2022-yil 11-noyabrda O‘zbekiston kasaba uyushmalari xodimlari va a’zolariga yo‘llagan tabrigida hozirgi kunda kasaba uyushmalarining mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘rni tobora mustahkamlanib borayotganini qayd etib, bu tashkilotning xalq ichiga chuqur kirib borayotganligi, insonlar og‘irini yengil qilish, el-yurt oldidagi vazifalarini aniq belgilab olganida ekanligini alohida ta’kidladi. Samarqand davlat universitetining 2 ming nafarga yaqin professor-o‘qituvchi va xodimlari hamda 16 mindan ortiq talabalarini ijtimoiy muhofaza qilish, ularning huquq va manfaatlarini himoyalashda boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitamizning o‘z munosib o‘rni bor. Qo‘mita O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi tomonidan belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlar hamda universitet ma’muriyati bilan tuzilgan jamoa shartnomasi va kelishuvlar asosida faoliyat yuritmoqda. Bunda asosiy e’tibor O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, Prezident farmon va qarorlari, Hukumat qarorlari asosida kasaba uyushmasi a’zolarining ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini himoya qilish, mehnat va yashash sharoitlarini yaxshilash, mehnatni tashkil qilish va mehnatga haq to‘lash tizimini takomillashtirish, stipendiya hamda nafaqalar ta’minotiga qaratilmoqda. Bu boradagi kichik kamchilik ham universitet ma’muriyati bilan birgalikda qisqa fursatda hal etilib,  xodimlar va talabalar manfaati ustuvor  ahamiyat  kasb etmoqda. Xodimlarning bo‘sh vaqtlarini  mazmunli tashkil qilish maqsadida jismoniy tarbiya va sport sohasida to‘garak va seksiyalar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan, xodimlar va talabalar o‘rtasida sport musobaqalari o‘tkazish muntazamlik kasb etgan. Buning uchun universitet sport klubi zarur sport jihozlari va vositalari bilan ta’minlangan. Jumladan, universitet professor-o‘qituvchilari va xodimlari besh sport turi bo‘yicha “Sog‘lom turmush tarzini shakllantirish hamda jismoniy tarbiya va sportni targ‘ib qilish” dasturi asosida sport musobaqalarida qatnashib kelmoqda. Ana shu e’tibor natijasida jamoalarimiz Samarqanddagi korxona va tashkilotlar, oliy o‘quv yurtlari jamoalari o‘rtasida o‘tkaziladigan musobaqalar, viloyatdagi sport tadbirlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, yuqori natijalarga erishmoqda. Va albatta, ular kasaba uyushmalari tomonidan munosib rag‘batlantiriladi. Universitetda faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlar yoki talabalar orasida nogironligi bo‘lgan, ko‘p farzandli, kam ta’minlangan va iqtisodiy ko‘makka muhtojlari ham bor, albatta. Qo‘mitamiz tomonidan ularga birinchi navbatda ijtimoiy moddiy ko‘mak ko‘rsatilib, turmush sharoitini yaxshilash, salomatligini tiklashga yordam beramiz. Shuningdek, universitet Nuroniylar kengashi bilan hamkorlikda nafaqadagi xodimlar holidan doimiy ravishda xabar olinadi. Mehnat qilgan xodim yaxshi hordiq chiqarishi ham kerak. Shuning uchun xodimlar va talabalar uchun ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, yurtimiz bo‘ylab sayohatlar uyushtirish va kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriylarga yo‘llanma berish faoliyatimizning muhim yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Universitet professor-o‘qituvchilari va xodimlar, ularning oila a’zolari uchun yil davomida respublikamizdagi  “Zomin”,  “Turon”,  “Chinobod”, “Bo‘ston”,  “Botanika”,  “Chimyon”,  “Oqtosh”,  “Chortoq”,  “Abu Ali Ibn Sino” va boshqa sihatgohlariga yo‘llanmalar beriladi. Ayni paytda pensiyada bo‘lgan faxriylarimiz ham bu e’tibordan chetda emas. Ularga universitet hamda boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan bepul yo‘llanmalar ham berilmoqda.   Yozgi ta’til paytida esa universitetda ishlovchi professor-o‘qituvchilar va xodimlarning farzandlariga boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitasi hisobidan bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlariga yo‘llanmalar ajratiladi. Bugun yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalari orasida boy tarix va yuqori ilmiy salohiyatga ega Samarqand davlat universitetidagi bir qator tuzilma va kengashlar orasida boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitasining o‘rni tobora mustahkamlanib bormoqda. Professor-o‘qituvchilar va xodimlar, talabalar esa kasaba uyushmalarining jamiyatdagi o‘rni qanchalik muhimligini o‘z hayotlari, faoliyatlari misolida ko‘rib, his qilib turibdilar.

 

Shavkat MAHMATMURODOV,

Samarqand davlat universiteti

boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitasi raisi.