Istiqlol imkoniyatlari

Bugun Samarqand davlat universitetining intellektual tizimlar va kompyuter texnologiyalari fakultetida O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 34 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasini ijro etish bilan boshlandi.
Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Cyenati a’zosi Rustam Xolmurodov tabrik nutqida Respublikamizda oliy ta’limga berilayotgan e’tibor, xususan, SamDU professor-o‘qituvchilari va talabalari erishayotgan ilmiy-amaliy yutuqlar, universitetning ilmiy salohiyati, xalqaro aloqalari va nufuzi, rejalashtirilayotgan ilmiy tadqiqotlarga alohida to‘xtaldi.
Samarqand davlat universiteti tashkil etilib faoliyat ko‘rsatayotgan davrning oldingi yillari va keyingi to‘qqiz yilida ro‘y bergan o‘zgarishlarni qiyoslab, ijobiy o‘zgarishlarni, islohotlar samarasini alohida ta’kidladi.
Samarqand davlat universiteti magistranti, “Kelajak bunyodkori” medali sohibi Mahbuba Salimova dalatimiz rahbari va hukumat g‘amxo‘rligiga javoban talabalar bugungi kunda bilimlarni chuqur o‘zlashtirishga va mamlakat ravnaqiga munosib hissa qo‘shishga intilayotganlari to‘g‘risida fikr bildirdi. Shundan so‘ng so‘zga chiqqanlar – Samarqand davlat universiteti professori Isroil Jumanov, “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari bosh muharriri Farmon Toshev va boshqalar yig‘ilganlarga o‘z ezgu tilaklarini bildirdilar.
Tadbir pirovardida kirish imtihonlarida yuqori natijalarga erishgan abituriyentlarga tantanali ravishda talabalik guvohnomalari topshirildi.
Ushbu tantanali marosimdan so‘ng bu yerga yig‘ilganlar talabalar, ularning ota-onalari vakillari va boshqa mehmonlar intellektual tizimlar va kompyuter texnologiyalari fakultetining yangi binosini ko‘zdan kechirdilar. Ulug‘bek rasadxonasi uslubida qurilgan bino va talabalarning ta’lim olishi uchun yaratilgan zamonaviy hamda dunyo standartlariga mos sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.