Samarqand davlat universitetida tashkil etilgan markaziy studiya orqali mamlakatimizning 20 ga yaqin oliy ta’lim muassasalarida yangi qurilgan o‘quv binolari va talabalar turar joylarining ochilishiga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmuradov start berdi.

    — Bugun Sizlar bilan O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 34 yilligi arafasida talabalarimiz uchun munosib tuhfa tayyorlanganligini katta mamnuniyat bilan e’lon qilmoqchiman, — dedi Qo‘ng‘irotboy Sharipov. — Ya’ni respublikamizdagi 18 oliy ta’lim muassasasida 9 ming 980 o‘rinli yangi talabalar turar joylari hamda 1000 o‘rinli o‘quv binosi to‘liq qurib bitkazildi, aziz farzandlarimiz uchun foydalanishga topshirildi…

    — Bugun intellektual tizimlar va kompyuter texnologiyalari fakulteti uchun qurilgan, 1000 o‘rinli o‘quv binosi timsolida farzandlarimiz orzulari, baxti, umidlari va ertangi kuni mujassamlashgan, — dedi Rustam Xolmuradov. — Men xizmat taqozo­si bilan ko‘plab mamlakatlardagi universitet va institutlarda bo‘lganman. Bugun tantanali ochilgan yangi o‘quv binosi ularning hech qaysisidan qolishmaydi…

    Yangi binolar foydalanishga topshirilgandan so‘ng, Samarqand davlat universitetining 1000 o‘rinli Intellektual tizimlar va kompyuter texnologiyalari fakulteti ko‘zdan kechirildi. Zamonaviy sharoitlarga ega mazkur bino tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.