Ipak yo‘li bug‘doy innovatsiyalari alyansining xalqaro ilmiy anjumani

Xitoy Xalq Respublikasining Shimoli-g‘arbiy qishloq xo‘jaligi universiteti, Ipak yo‘li bug‘doy innovatsiyalari alyansi va Samarqand davlat universiteti hamkorligida “Ipak yo‘li bug‘doy innovatsiyalari alyansi” xalqaro ilmiy anjumani 2025-yil 20–23-avgust kunlari Samarqand davlat universitetida o‘tkaziladi.
Anjumanda Xitoyning qator nufuzli oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlaridan 25 ga yaqin bug‘doy tadqiqotlari bo‘yicha yetakchi professor-o‘qituvchilar, olimlar va soha vakillari ishtirok etadi. Jumladan, Xitoy Fanlar akademiyasi, Dingshi qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi, Henan texnologiyalar universiteti, Ningsxia universiteti hamda Shimoli-g‘arbiy qishloq xo‘jaligi universiteti olimlari bug‘doy bo‘yicha olib borilayotgan tadqiqotlar va bu yo‘nalishda erishilgan so‘nggi natijalar yuzasidan ma’ruzalar qiladilar.
Shuningdek, anjuman ishida Rossiya Fanlar akademiyasi Sibir bo‘limi O‘simliklar genetikasi va seleksiyasi instituti hamda Pokistonning Qurg‘oqchil mintaqa qishloq xo‘jaligi universiteti olimlari ham qatnashadilar.
Mazkur ilmiy-amaliy anjumanda iqlim o‘zgarishlari va qurg‘oqchilikka chidamli yangi bug‘doy navlarini yaratishda gen muhandisligi usullaridan foydalanish, bug‘doy hosildorligini oshirish, uning kasallik va zararkunandalariga qarshi kurashning uyg‘unlashgan usullarini ishlab chiqish bo‘yicha Xitoy, Rossiya va Markaziy Osiyo mamlakatlarida olib borilayotgan tadqiqotlar natijalari yetakchi olimlar tomonidan muhokama qilinadi.
Asosiy maqsad — Ipak yo‘li mamlakatlarida bug‘doy bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar saviyasini oshirish va o‘zaro tajribalar almashish orqali mintaqada oziq-ovqat xavfsizligini yanada mustahkamlashdan iborat.
Anjuman ochilish marosimida Samarqand davlat universiteti rektori prof. Rustam Xalmuradov va Shimoli-g‘arbiy qishloq xo‘jaligi universiteti prorektori prof. Fang Yulin tomonidan Samarqand davlat universitetida “Xitoy–O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi ekinlari seleksiyasi va urug‘chiligi markazi”ni tashkil etish bo‘yicha shartnoma imzolanadi. Shuningdek, tadbir davomida ushbu markazning ramziy ochilish marosimi ham o‘tkaziladi. Ushbu tashabbus ikki mamlakatning o‘xshash ekologik hududlarida bug‘doy va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarining ilmiy asoslangan so‘nggi yutuqlaridan foydalanib, hosildorlikni oshirish va mintaqaviy oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan.
Mazkur markazda O‘zbekiston sharoitida tuproq sho‘rlanishi, qurg‘oqchilik va iqlim o‘zgarishlariga mos yangi bug‘doy hamda boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini yaratish, bu borada ilmiy-tadqiqotlarni kuchaytirish, shuningdek, seleksiya va urug‘chilik sohasida yangi avlod mutaxassislarini hamkorlikda tayyorlash maqsad qilingan.