SamDU olimlari xalqaro konferensiyada

Samarqand davlat universiteti Samarqand kvant markazi ilmiy xodimlari Rustam Usanov va Alisher Nurimov 2025-yil 21–25-iyul kunlari Rossiya kvant markazida (RQC) o‘tkazilayotgan xalqaro konferensiyada ishtirok etmoqdalar.
Kvant texnologiyalariga bag‘ishlangan mazkur VII xalqaro kvant texnologiyalari konferensiyasi (ISQT–2025, International Conference on Quantum Technologies) dunyo ilmiy hamjamiyatida ushbu sohadagi eng yirik va nufuzli anjumanlardan biri sifatida e’tirof etilgan.
ISQT 2011-yildan buyon 50 dan ortiq davlatdan yetakchi olimlar, Nobel mukofoti laureatlari hamda sanoat innovatsiyalari vakillarini birlashtirib kelmoqda. Konferensiyaning asosiy tashkilotchisi va tashabbuskori — kvant tadqiqotlari va ularning ilova sohalaridagi eng so‘nggi yutuqlarni namoyon etuvchi Rossiya kvant markazidir (RQC).
Samarqand davlat universiteti olimlarining mazkur konferensiyada qatnashishi SamDU va RQC o‘rtasidagi ilmiy hamkorlik doirasida amalga oshirilmoqda. Ularning ushbu nufuzli xalqaro anjumandagi ishtiroki Samarqand kvant markazi faoliyatining xalqaro miqyosdagi e’tirofini ham ifodalaydi.
Shuningdek, tashrif doirasida Samarqand kvant markazi huzurida Rossiya kvant markazi bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan Fotonika ilmiy laboratoriyasini zamonaviy uskunalar bilan jihozlash masalalari yuzasidan ham muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.