Samarqand davlat universitetida Yadro va yangi texnologiyalari instituti tashkil etildi...

Inson faoliyatining ko‘plab sohalarida, xususan, energetika, tibbiyot, biologiya, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda yadro texnologiyalaridan foydalanish dolzarb masalaga aylandi. Kelajakda ularni qo‘llash doirasi va hayotimizdagi roli muntazam o‘sib boradi. Birgina, mamlakatimiz energetika tizimida yadro energetikasidan foydalanish, arzon va sifatli, ekologik toza energiyani hosil qilish, aholini arzon energiya bilan ta’minlash va bu borada yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, ularda zamonaviy yadro texnologiyalaridan samarali foydalanish ko‘nikma va malakalarini hosil qilish dolzarb masala bo‘lib turibdi.
Dunyoning eng rivojlangan mamlakatlari, jumladan, Fransiya, AQSH, Yaponiya, Xitoy kabi davlatlarda yadro energetikasidan foydalanish yuqori darajaga chiqdi. Mamlakatimizda yadro texnologiyalaridan foydalanish, kelgusida bu texnologiyalarni barcha sohalarda muvaffaqiyatli qo‘llash va yadro texnologiyalari rivojlangan mamlakatlar bilan hamkorlikda ishlash, ularning tajribalaridan keng foydalanish ulkan samara beradi.
Prezidentimizning «O‘zbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi va «2019 – 2029 yillarda O‘zbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarorlarida Samarqand davlat universitetiga mazkur sohada kadrlar tayyorlash vazifasi yuklatilganligi hamda «2022 ‒ 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida»gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetining «Akademik Tolib Mo‘minov nomidagi yadro fizikasi laboratoriyasi» negizida «Yadro va yangi texnologiyalari» instituti tashkil etildi.
Institut tarkibiy tuzilmasi 2 ta kafedra, 2 ta ilmiy hamda 2 ta o‘quv-ilmiy laboratoriyalaridan iborat. Yangi institutda tibbiyot fizikasi, amaliy onkologiya asbob-uskunalari muhandislari, radioizotoplar ishlab chiqarish, siklotron va radiatsiya terapiyasi asbob-uskunalari muhandislari, chiziqli elektron tezlatgichlari bilan jihozlangan markazlar uchun mutaxassislar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini radiatsion qayta ishlash uchun chiziqli elektron tezlatgich qurilmalarida ishlovchi mutaxassis kabi bugungi kun uchun zarur malakali kadrlar tayyorlanadi.
Yadro texnologiyalarini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq qilish bo‘yicha, xususan, nur bilan tanlab davolash, radionuklid diagnostikasi, radionuklidlar va tibbiy izotoplar ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini nurlantirish orqali ularning saqlanish muddati va xavfsizligini ta’minlash, ekinlarni yetishtirish va zararkunandalarga qarshi kurash, suv resurslarini boshqarish, foydali qazilmalarni qidirish va boshqa shu kabi amaliy sohalarda ilmiy tadqiqotlar olib boriladi.
Yadro texnologiyalari asosida ilmiy ishlanmalar, ilmiy hajmdor mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, faoliyat sohasiga oid tadqiqotlarni Moskva shahridagi Kurchatov instituti milliy tadqiqot markazi, Dubna shahridagi Birlashgan yadro tadqiqotlari instituti va boshqa xorijiy ilmiy muassasalar bilan hamkorlikda amalga oshirish rejalashtirilgan.
Ma’lumot o‘rnida shuni aytib o‘tish lozimki, bugunga qadar «Akademik Tolib Mo‘minov nomidagi yadro fizikasi laboratoriyasi» (endilikda “Yadro va yangi texnologiyalari instituti”) va kafedralarda o‘ndan ortiq fan nomzodlari, falsafa va fan doktorlari, katta ilmiy xodimlar faoliyat ko‘rsatib kelishmoqda. Xalqaro miqyosda o‘z mavqeyiga ega mazkur laboratoriyaning ilmiy-tadqiqotlar borasidagi salohiyati yuqori va tarixi ilmiy-amaliy natijalarga boy bo‘lib, atom va yadro fizikasi, zamonaviy spektrometriya, dozimetriya, yadro elektronikasining eng so‘nggi rusumdagi uskunalari bilan jihozlangan.
Xalqaro tashkilotlar, xususan MAGATE bilan hamkorlikda amalga oshirilgan loyihalar (UZB-0004, UZB-0005, UZB-0006) doirasida laboratoriya uchun 800 000 $ investisiya hisobiga yuqori sifatli uskunalar olib kelingan. Har yili 200 nafardan ortiq bakalavr va 20 nafar magistrantlar laboratoriya amaliyotini o‘tamoqda. So‘nggi besh yil mobaynida laboratoriya bazasida tayanch doktorant va mustaqil izlanuvchilar tomonidan 10 ta falsafa doktori (PhD) dissertatsiya ishlari himoya qilingan.
Laboratoriyada elektron tezlatgichlari uchun maxsus yerosti xonalari va noyob tajribalarni amalga oshirish imkonini beruvchi 300 metrli yerosti kanal mavjud bo‘lib, laboratoriyaga 2003 yilda «Noyob obyekt» maqomi berilgan. Laboratoriya keyingi yillarda yetarlicha moddiy-texnik bazaga ega bo‘ldi. Laboratoriya binosida zamonaviy yadro texnologiyalari qurilmalari, xususan, tezlatgichlar, siklotron va boshqa qurilmalardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgan infratuzilma shakllandi.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.