Xitoyning agrar sohadagi eng nufuzli universitetlaridan biri sanalgan Nanjing qishloq xo‘jaligi universiteti delegatsiyasi Samarqand davlat universitetiga tashrif buyurdi. Mehmonlarni SamDU rektori, Oliy Majlis Senati a’zosi, professor Rustam Xolmurodov kutib oldi.

    Uchrashuv davomida SamDU rektori, Oliy Majlis Senati a’zosi, professor Rustam Xolmurodov Markaziy Osiyo mintaqasidagi ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlik va hududiy xavfsizlik ko‘p jihatdan oziq-ovqat xavfsizligiga bog‘liq ekanligini ta’kidladi. Shu nuqtai nazardan, mintaqada agrar ta’lim va tadqiqotlarni rivojlantirish eng muhim vazifalardan biri ekanligiga alohida urg‘u berildi. Bu borada Xitoyda erishilgan yutuqlar va ilg‘or tajribalarni Markaziy Osiyo davlatlariga, xususan, O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish orqali amaliyotga tatbiq etish butun mintaqa uchun samara berishi ta’kidlandi.

    Tomonlar o‘rtasida olib borilgan muhokamalar va takliflar asosida Nanjing qishloq xo‘jaligi universiteti bilan qishloq xo‘jalik ekinlarining iqlim o‘zgarishi stresslariga chidamli navlarini yaratish bo‘yicha hamkorlik ishlari olib boriladi. Shuningdek, iqlim o‘zgarishi oqibatida hamda mamlakatimizga kirib kelayotgan yangi navlar sababli kasallik va zararkunandalar soni ortib borayotgani, bu esa qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishiga jiddiy zarar yetkazayotgani inobatga olinib, Nanjing qishloq xo‘jaligi universiteti bilan ekinlar kasallik va zararkunandalariga qarshi kurashishning ilmiy asoslangan yo‘llarini ishlab chiqish bo‘yicha tadqiqotlar olib borishga kelishib olindi.