Xalqaro hamkorlikning amaliy samarasi

SamDU Janubiy Koreya bilan xalqaro loyihani amalga oshirmoqda…
SamDU Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti Janubiy Koreyaning Hankyong Milliy universiteti bilan zamonaviy meva-sabzavotchilik sohasidagi xalqaro loyihani amalga oshirmoqda.
Loyihaning birinchi yilida amalga oshirilgan ishlarni taqdim etish va kelgusida bajarilishi rejalashtirilgan vazifalarni muhokama qilish maqsadida Janubiy Koreyadan loyiha mas’ullari SamDUga tashrif buyurdilar.
Hankyong Milliy universiteti delegatsiyasini SamDUning xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori, professor Akmal Axatov kutib oldi.
Uchrashuv davomida loyiha doirasida amalga oshirilgan ishlar, xususan Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti hududida aqlli issiqxona qurilishi, zamonaviy darsliklar va o‘quv qo‘llanmalar yaratilishi holati o‘rganildi. Shuningdek, ushbu yo‘nalishda yangi startap loyihalarni tayyorlash imkoniyatlari muhokama qilindi.
Tashrif doirasida Hankyong Milliy universiteti professorlari tomonidan institutning iqtidorli talabalari uchun o‘quv seminari tashkil etildi.
Mazkur seminar davomida faol ishtirok etgan talabalardan 10 nafari saralab olinib, joriy yil iyul oyining ikkinchi yarmida Hankyong Milliy universitetiga malaka oshirish uchun yuborilishi ma’lum qilindi.