Samarqand davlat universiteti Guru Nanak Dev universiteti bilan hamkorlik memorandumi imzoladi

    Samarqand davlat universiteti va Guru Nanak Dev universiteti o‘rtasida onlayn shaklda o‘tkazilgan uchrashuvda SamDU rektori Rustam Xolmuradov Hindistonning yetakchi universitetlaridan biri bo‘lgan Guru Nanak Dev universiteti rektori Karamjit Singh bilan hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzoladi.

    Unga ko‘ra, Samarqand davlat universiteti Guru Nanak Dev universiteti bilan hamkorlikda professor-o‘qituvchilar, doktorant va magistrlar, asosan, talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yadi.

    Uchrashuvda hindistonlik professor Gogan Deep Sharma ham ishtirok etib, Samarqand davlat universitetining xalqaro reyting tizimlarida yuqori o‘rinlarga ko‘tarilganligi bilan samimiy tabrikladi.

    Shuningdek, Guru Nanak Dev universiteti rektori Karamjit Singh iqtisodiyot yo‘nalishida 2 nafar professor-o‘qituvchini Samarqand davlat universitetiga iqtisodiyot ta’lim yo‘nalishlarida dars mashg‘ulotlarini olib borish uchun yuborishini aytdi hamda kelajakda GND universitetiga tashrif buyuradigan talabalar va doktorantlar turar joy bilan ta’minlanishini, ta’lim mashg‘ulotlarida to‘lovsiz qatnashishlari va stajirovka o‘tashlarini ta’kidladi.

    Uchrashuvda universitetlar o‘rtasida kelajakda barcha fan sohalarida akademik almashinuv aloqalarini kuchaytirish yuzasidan kelishuvga erishildi.