Oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining bandligiga ko‘maklashish, ularni munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlash hamda tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish maqsadida Samarqand shahrida  “TalabaExpo – 2025” kasb ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘ldi. Tadbirni Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Husan To‘xtaev ochdi. 

    Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov mamlakatimizda yoshlarga, xususan, oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilariga yaratilayotgan imkoniyatlar, ularning bandligi va kelajakdagi barqaror va samarali faoliyatini ta’minlash uchun amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar haqida batafsil ma’lumot berdi. 

    Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi departamenti boshlig‘i Abduvali Xoliqov, “Kelajakka qadam” markazi direktori Elmurod Hoshimov bu boradagi muhim vazifalar xususida o‘z fikrlarini bildirdilar. 

    “TalabaExpo – 2025” kasb ko‘rgazmasi  doirasida bitiruvchi yoshlar uchun mavjud bo‘sh ish o‘rinlari, tadbirkorlik imkoniyatlari, shuningdek, “Kelajakka qadam”, “Xotin-qizlar tadbirkorligi” kabi dasturlar asosida taklif etilayotgan imtiyozli kreditlar bo‘yicha ko‘rgazma va taqdimotlar o‘tkazilmoqda. Mazkur ko‘rgazma bitiruvchilarga o‘z salohiyati, iqtidori va qiziqishlariga mos kasb tanlash, mehnat bozoridagi real ehtiyojlar bilan yaqindan tanishish hamda ish beruvchilar bilan yaqin aloqa o‘rnatish imkonini beradi.