Samarqand davlat univeriteti olimlari xalqaro forumda ishtirok etdi…

Samarqand davlat universiteti xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori, professor Akmal Axatov va matematik fizika va funksional analiz kafedrasi mudiri, akademik Saidahmad Laqayevlar Qozog‘istonning Olmaota shahrida xizmat safarida bo‘ldi.
Tashrif doirasida ular SamDU, Xitoyning Sian Jiaton universiteti hamda Qozog‘iston Milliy universiteti hamkorligida tashkil etilgan “Ikkinchi Markaziy Osiyo – Xitoy yashil energetika akademiklar forumi”da faol ishtirok etdilar.
Mazkur nufuzli anjumanda O‘zbekiston, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston Fanlar akademiyalari, oliy ta’lim muassasalari, shuningdek, ta’lim sohasi bilan chambarchas bog‘liq korxona va tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Forum doirasida yashil energetika sohasida muqobil manbalar samaradorligini oshirish, ilmiy yutuqlar va muhandislik yechimlari almashinuvi, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash, xalqaro stajirovkalar tashkil etish hamda qo‘shma ilmiy loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishga oid qator bandlarni o‘z ichiga olgan hamkorlik shartnomasi imzolandi.
Akademik Saidahmad Laqayev forumda “Yashil energetikani ishlab chiqishda matematika trendlari va ilovalari” mavzusida ilmiy ma’ruza bilan ishtirok etdi. Uning chiqishi ishtirokchilar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.
Shuningdek, SamDU prorektori professor Akmal Axatov Sian Jiaton va Qozog‘iston Milliy universitetlari rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Muzokaralar davomida robototexnika, sun’iy intellekt, geoaxborot tizimlari kabi ilg‘or yo‘nalishlarda malaka oshirish kurslarini tashkil etish, professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.