Samarqand davlat universitetiga Xitoy qishloq xo‘jaligi mexanizatsiyasi fanlar akademiyasi raisi Ma Jing Chun boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. 

    Martabali mehmonlar bilan Samarqand davlat universiteti rektori, O’zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov uchrashdi.

    Muloqotda hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Tomonlar o’rtasida qo‘shma ilmiy loyihalarni ishlab chiqish, doktorant va yosh tadqiqotchilarni stajirovkalarga yuborish, professor-o‘qituvchilar o‘rtasida akademik mobillik dasturlarini yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr almashildi. 

    Samarqand davlat universitetida Xitoy qishloq xo‘jaligi mexanizatsiyasi fanlar akademiyasining ilmiy markazini tashkil etishga kelishildi. Markazni loyihalashtirish, faoliyatini yo'lga qo'yish maqsadida SamDUning 4 nafar mutassaddisi Pekin shahriga boradigan bo'ldi. Markazning asosiy vazifasi suvni tejovchi sug'orish texnologiyalarini O'zbekistonga joriy qilish hamda Xitoyda ishlab chiqilgan qishloq xo'jalik ekinlarini parvarishlash, ishlov berishda qo'llaniladigan texnikalarni o'rganishdan iborat. 

    Shuningdek,  SamDU da Xitoy qishloq xo‘jaligi mashinalari texnoparkini tashkil etish imkoniyatlari ham atroflicha muhokama qilindi hamda dastlabki kelishuvlarga erishildi.

    Ma’lumot uchun, Xitoy qishloq xo‘jaligi mexanizatsiyasi fanlar akademiyasi Xitoyning eng qadimiy, yirik va eng ko‘p tadqiqot olib boradigan milliy ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi. Mazkur akademiya tarkibida 16 institut mavjud. 4 mingga yaqin professor-o’qituvchi va xodimlar faoliyat ko’rsatadi. Shundan 550 nafari davlat mukofotlari bilan taqdirlangan. Akademiya olimlari tomonidan  2700 xalqaro patent, 1500 milliy loyihalar bajarilgan. 

Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.