Samarqand davlat universitetiga Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) bosh direktori o‘rinbosari Hua Liu boshchiligida 23 davlat vakillaridan iborat delegatsiya tashrif buyurdi.

    Martabali mehmonlarga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Sardorbek Yakubekov hamda ushbu qo‘mitaning ilmiy markazi direktori Ibrohim Toshkenboyev hamrohlik qildi.

    Mehmonlar avvalo SamDUning Yadro fizikasi laboratoriyasida bo‘lib, MAGATE grantlari mablag‘lari hisobidan yaratilgan zamonaviy laboratoriyalar faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

    Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Rustam Xolmurodov delegatsiya aʼzolari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqotda zamonaviy yadro texnologiyalarini ilm-fan va ishlab chiqarish amaliyotiga joriy etish, hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

    Maʼlumot o‘rnida: Samarqand davlat universiteti olimlari 2012-yildan buyon MAGATE loyihalarida faol ishtirok etib kelmoqda. Shu kungacha universitet uchta grant loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirib, umumiy qiymati 667 ming yevroga teng bo‘lgan mablag‘ni ilmiy tadqiqotlarga yo‘naltirishga muvaffaq bo‘ldi.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.