SamDU Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi institutida faoliyat olib borayotgan Fulbrayt dasturi ishtirokchisi, professor Karin de Jonge-Kannan tomonidan “Agrar soha talabalari uchun ingliz tili” maxsus o‘quv dasturi ishlab chiqilmoqda.

    Ushbu loyiha bilan tanishish va uni qo‘llab-quvvatlash maqsadida AQSH ning O‘zbekistondagi elchixonasi mutasaddilari Saida Chorieva va Harris Lipscomblar institutga tashrif buyurib, loyihada rejalashtirilgan ishlar va kutilayotgan natijalar bilan yaqindan tanishishdi. Elchixona vakillari ushbu loyihaning ilk bor amalga oshirilayotganligini alohida eʼtirof etib, o‘quv dasturlariga joriy qilinishi muhim ekanligini taʼkidlashdi.

    Ushbu dastur ikki yilga mo‘ljallangan bo‘lib, agrar sohadagi talabalar mutaxassislik fanlari bo‘yicha ingliz tili bilimlarni bosqichma-bosqich tarzda egallash imkoniga ega bo‘ladilar.

    Ushbu dasturni ishlab chiqishda xorijiy ilg‘or tajribalar va yangicha yondashuvlardan keng foydalaniladi.  Shu maqsadda professor Karin de Jonge-Kannan tomonidan nufuzli xalqaro nashriyotlarda so‘nggi yillarda chop qilingan 50 dan ortiq kitoblar va o‘quv-metodik materiallar AQSHdan olib kelindi. Talabalarga ushbu kitoblardagi materiallarni o‘zlashtirish usullari tanishtirildi va institut kutubxonasiga foydalanish uchun topshirildi.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.