Samarqand davlat universiteti Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti tadqiqotchisi Doston Tuvalov Yer degradatsiyasiga qarshi kurashish xalqaro o’quv kursi (GRO-LRT) da qatnashish uchun Islandiyaning Qishloq xo’jaligi universitetida bo’lib turibdi.

    Mazkur xalqaro o’quv kursi 6 oyga mo’ljallangan bo’lib, unda bugungi iqlim o’zgarishi sharoitida tuproq qoplami va o’simlik dunyosini muhofaza qilish va yerlarni qayta tiklash bo’yicha dunyodagi ilg’or bilim va tajribalar o’rgatiladi. Joriy yilda ushbu dasturda 9 mamlakatdan 23 nafar yosh olimlar va tadqiqotchilar ishtirok etmoqda.  Ularga dars berish va malakasini oshirish maqsadida Islandiyaning yetuk olimlari bilan birgalikda, jahonning yetakchi universitetlaridan ham professor-o’qituvchilar jalb etilgan. 

    Doston Tuvalov sohadagi zamonaviy bilimlarga ega bo’lish bilan birgalikda islandiyalik olimlar rahbarligi ostida O’zbekiston cho’l yaylovlarida sodir bo’layotgan degradatsiya jarayonlarini zamonaviy yondashuvar asosida o’rganish va unga qarshi kurashish choralarini ishlab chiqish bo’yicha tadqiqotlar olib bormoqda.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.