Xalqaro psixologiya fanlari akademiyasi bilan hamkorlikda o’tkazilgan anjumanda Rossiya, Qozog’iston, Belorussiya, Ozarbayjon davlatlaridan 30 ga yaqin nufuzli olimlar ishtirok etdi.

    Mazkur konferensiya Xalqaro psixologiya fanlari akademiyasining 10 yilligiga bag’ishlandi. Anjumanni o’tkazishdan asosiy maqsad xalqaro aloqalarini rivojlantirish, psixologik dolzarb tadqiqotlarni hamkorlikda olib borish, yuqori indekslanadigan jurnallarda maqolalar e’lon qilishdan iborat.

    Tadbirni Samarqand davlat universiteti rektori, O’zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov anjumanni kirish so’zi bilan ochib berdi:

    - Samarqand davlat universitetida 20 yildan buyon psixologlar tayyorlanadi. Ushbu yo‘nalish bitiruvchilari turli sohalarda – ta’lim, sog‘liqni saqlash, ichki ishlar idoralari, madaniyat, ommaviy axborot vositalari, sport va boshqa yo’nalishlarda psixolog mutaxassis sifatida faoliyat yuritmoqda. Samarqand davlat universiteti mazkur Kongress doirasida rossiyalik olimlar bilan hamkorlik to'g'risida yangi memorandumlar imzolashni rejalashtirmoqda. Anjumanda bizning yutuqlarimiz va psixologiyaning turli sohalarida tajriba almashishning an'anaviy formatidan tashqari, O'zbekistonda psixologiya fanining rivojlanish metodologiyasi, uslubiy yondashuvlar, taniqli olimlarning ijodiy merosini o’rganish, psixologiya fanining hozirgi holatini muhokama qilish rejalashtirilgan.

    Tadbirda Xalqaro psixologiya fanlari akademiyasi prezidenti Vladimor Kazlov, Yaroslav davlat universiteti professori Mergalis Kashapov, qozog’istonlik mashhur psixolog olimlar Rumiya Galimova, Nataliya Bizyayeva, Rossiyaning Ta’lim va amaliy psixologiya instituti direktori Irina Trushina, akademik G’ayrat Shoumarov, professorlar Sharif Baratov, Manzura Usmonovalar ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.

    Konferensiya doirasida Vladimor Kazlov Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodovga Xalqaro psixologiya fanlari akademiyasining Faxriy akademigi diplomini topshirdi.

Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati,
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.