Ichimlik suvini sifatini belgilovchi asosiy ko‘rsatkich uning minerallashuvi bilan belgilanadi. Agar suvning tarkibida minerallar miqdori 1 gramm/litr bo‘lsa ichishga yaroqli hisoblanadi. Ichimlik suvining asosiy manbai yerosti suvlari sanaladi. Yerosti suvlariga grunt, qatlamlar orasidagi suvlar hamda mineral suvlar kiradi.

Hozirgi kunda yerosti suvlarining sifatiga tabiiy (atmosfera yog‘inlari) va texnogen omillar kuchli taʼsir etganligi sababli ichimlik suvining sifati pasaymoqda. Suvning minerallashuviga taʼsir qiluvchi asosiy omil qishloq xo‘jaligida yerlarning sug‘orish savodxonligining pastligi va buning oqibatida yer osti suvlarining umumiy minerallashuv darajasining ko‘tarilib ketishiga olib kelmoqda…

Shuningdek, uning sifat tarkibiga agrar sohada foydalanib kelinayotgan nitrat nitrit va pistisit kabi kimyoviy moddalarning intensiv foydalanishi taʼsir etmoqda. Samarqand viloyatining yerosti suvlari asosiy zaxirasi Zarafshon artezian havzasi hisoblanadi. Ushbu artezian havazasi 11 ta konga ajratilgan bo‘lib, ular ichish uchun yaroqlidir. Qishloq joylardagi ayrim aholi mazkur kon suvlaridan foydalanmay, uning o‘rniga gurunt suvlaridan foydalanadi. Gurunt suvlarining chuqurligi 0-40 metrgacha bo‘lib, odatda isteʼmol qilish uchun tavsiya etilmaydi. Ammo aholining bir qismi ushbu suvlardan foydalanishadi. Buning oqibatida buyrak, o‘t qopi, turli bakteriologik kasalliklar kelib chiqib, aholining umumiy salomatligiga taʼsir qilmoqda.

Birinchi o‘rinda barcha hududlarda suvning sifati laboratoriya tekshiruvi asosida o‘rganilishi kerak. Ichishga yaroqsiz suvni isteʼmol qilayotgan aholi punktlarini toza va ichishga yaroqli bo‘lgan suv bilan taʼminlashni texnologik usullarini qo‘llagan holda sifatini oshirish zarur. Bu bo‘yicha maxsus suv filtrlarini qo‘llash tavsiya etiladi. Ushbu filtrlarning asosiy vazifasi suvni  zararli moddalardan tozalash yoki yetishmaydigan kimyoviy elementlar bilan boyitishdan iborat. Suvni kimyoviy usulda zararli bakteriyalardan tozalash va shundan keyingina aholiga ichimlik suvi sifatida uzatish mumkin. Yoki yerosti suvlarining yangi konlarini gidrogeologik qidiruv asosida aniqlash hamda aholini shu orqali sifatli suv bilan taʼminlash mumkin.

 

Baxtiyor Meliyev

Samarqand davlat universiteti

geologiya va gidrometeorologiya kafedrasi mudiri, dotsent,

Ziyo Normamatov  o‘qituvchi.