O‘zbekistonning Italiyadagi elchixonasi tashabbusi bilan Samarqand davlat universiteti va Italiyaning Florensiya universiteti professorlari o‘rtasida uzumchilik yo‘nalishida o‘zaro hamkorlikni o‘rnatish bo‘yicha Zoom platformasi orqali muloqot tashkil etildi.

    Unda SamDU xalqaro hamkorlik boshqarmasi boshlig’i Muxtor Nosirov, Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti direktori, dotsent Toshpo’lat Rajabov, Florensiya universiteti professorlari Jovanni Mattii va Paola Domitsio hamda O‘zbekistonning Italiyadagi faxriy konsuli Leonardo Komuchchi ishtirok etdi.

    Muloqotda so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida turli jabhalarda o‘zaro aloqalar tobora rivojlanib borayotgani, jumladan, taʼlim sohasidagi hamkorlikka ham  qiziqishning ortib borayotgani qayd etildi.

    Shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida ilmiy va amaliy hamkorlik uchun katta salohiyat mavjud ekanligi ta’kidlangani barobarida O‘zbekistonda uzumchilik va vinochilikning tarixiy anʼanalari, bu sohada so‘nggi yillar davomida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yaqin va o‘rta istiqboldagi vazifalar to‘g‘risida batafsil fikr yuritildi.

    Bugungi kunda mamlakatda kadrlar tayyorlash, mutaxassislarning malakasini oshirish, o‘zaro hamkorlikda ilmiy izlanishlar olib borish, uzumning mahalliy navlarini yaxshilash, vino ishlab chiqarishning ilg‘or tajribalarini o‘rganish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

    Bu borada Samarqand davlat universitetining tajribasi va amalga oshirilayotgan dasturlar to‘g‘risida taqdimot o‘tkazildi. Uzumchilik va enologiya sohasida kadrlar tayyorlashda SamDU Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti muhim o‘rin tutishi bildirildi.

    Florensiya universiteti qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat fakulteti professori Jovanni Mattii mamlakatda olib borilayotgan islohotlarga jiddiy qiziqish bildirib, Samarqand davlat universiteti bilan uzumchilik sohasida amaliy hamkorlik qilishga tayyor ekanligini maʼlum qildi.

    Tomonlar universitetlar o‘rtasida talaba va professor- o‘qituvchilar almashish, ilmiy ishlarda hamkorlik qilish va o‘zaro ilmiy safarlarni tashkil etishga kelishdi.

    Maʼlumot uchun: Florensiya universiteti 1321-yilda tashkil topgan bo‘lib, bugungi kunda 60 mingdan ziyod talaba 130 yo‘nalish bo‘yicha tahsil olmoqda. Universitetning Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat fakulteti Italiyada uzumchilik va vinochilik yo‘nalishi bo‘yicha yetuk kadrlar tayyorlaydi.

 

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.