Atoqli adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor, mahoratli murabbiy, mehribon ustoz Rahmonqul Orzibekovning qizi, Samarqand davlat universiteti yuridik fakulteti katta o‘qituvchisi Xadicha Orzibekova bilan suhbat

    -Huquqshunos bo‘lishingizga asosiy sabab nima?

    -Maktab davrlaridan boshlab yaxshi o‘qiganman. Maktabni oltin medal bilan bitirganman. O‘sha yili tarix fakultetida huquqshunoslik bo‘limi ochilgan edi. Shunga o‘qishga kirdim. Universitetda a’lo baholarga o‘qiganim uchun o‘qituvchilarim o‘qishimni davom ettirishni tavsiya qilishgan. Shu tariqa yuridik fakultetida faoliyatimni davom ettirdim. Keyinchalik advokatura, viloyat hokimligi, sud bo‘limlarida ishladim. Nafaqaga chiqqanimdan keyin, yana qaytadan tashkil etilgan yuridik fakulteti talabalariga dars berishni taklif qilishdi. Shu tariqa SamDU dagi faoliyatim davom etyapti.

    Ilmga bo‘lgan mehrim otamdan o‘tgan deb o‘ylayman. Huquqshunoslik sohasini tanlashimga ham otam sababchi bo‘lgan. Kichkinaligimda otamdan nega ismimni Xadicha deb qo‘yganini so‘raganimda, Xadicha ismi egalari jamiyatda o‘z o‘rniga ega, lider ayollar bo‘lishini aytib, shulardan biri yuridik sohada akademik darajasiga erishgan Xadicha Sulaymonovani misol qilib keltirgandi. Shu voqeadan sal o‘tib, dadam Toshkentga ketdilar. Qaytishda menga atab kitob olib kelibdilar. Olib qarasam, Xadicha Sulaymonova hayot yo‘liga bag‘ishlangan “Akademik Xadicha” degan kitob ekan. Keyin kitobni diqqat bilan o‘qib chiqdim. Olimaning hayot yo‘li bilan tanishar ekanman, uning huquqshunosdik sohasiga bo‘lgan mehri, bu yo‘lda boshdan kechirganlarini o‘qib, menda ham bu sohaga o‘zgacha bir qiziqish uyg‘ondi. Shu tarzda huquqshunoslik sohasidan ketdim.

    Oilada uch qiz, ikki o‘g‘ilmiz. Akam, Ulug‘bek Orzibekov fizika-matematika fanlari nomzodi, ukam kimyo sohasidan ketgan. Singillarim Mehriniso va Guliniso xalq ta’limi sohasida faoliyat olib boradi. Ota-onam shu besh nafar farzandlarini tarbiyalab, yaxshi o‘qitib, jamiyat uchun foydali insonlar qilib ulg‘aytirishdi. Bizga juda mehribon edilar. Otam unchalik qattiqqo‘l ota emasdi. Bizni hech qachon tergamagan, biror narsadan cheklamagan. Hayot yo‘limda nimagaki erishgan bo‘lsam, hammasida otamning hissasi bor.

    Otam ilm kishisi bo‘lgani uchun uyimizda tez-tez katta-katta olimlar, akademiklar kelib turishardi. Vohid Abdullayev, Botir Valixo‘jayev, Suyima Gʻaniyeva, Muslihiddin Muhiddinov, Rahmatilla Qo‘ng‘urov, Suyun Karimovlar tez-tez kelib, otam bilan ilmiy gurunglarda bo‘lib turishardi. Gʻaybulla As-Salom otamning qadrdon do‘st edi.  U kishining farzandlari bilan hali-haligacha bordi-keldi qilib turamiz.

    Olimlar jamoasida otamning o‘z o‘rni, hurmat va obro‘si bor edi. Muomalada ochiq, dilkash inson edilar. Hamkasblari, qo‘ni-qo‘shnilarga, tanishlar tugul, begona odamlarga ham hamisha yordam berishga harakat qilardi. Hech qachon qilgan yaxshiligiga javob kutmasdi. Bergan yordamini bergan joyida unutib yuborardi. Shu bois talabalarning sevimli ustozi edi. Biror kishiga baland ovozda gapirganini eshitmaganman. Nutqi ravon, jumlalari chiroyli, ovozi mohir notiqlarga xos, husnixat sohibi edi, oilaparvar inson edilar.

    Otam hamma bilan yaxshi munosabatda bo‘lishga harakat qilar, talabalarni xuddi farzandiday ko‘rardi. Ba’zida otamni talaba-shogirdlaridan qizg‘angan vaqtlarim ham bo‘lgan. Juda ko‘p ishlardi. Bo‘sh o‘tirganini eslolmayman. Kabinetidagi ish stolida hamisha dasta-dasta kitoblar turardi. Ovqatga chaqirsak, hech qachon birdan kelmasdilar. Ikki-uch marta chaqirganimizdan keyin, shunda ham onamning qistovi bilan zo‘rg‘a chiqardi. Chunki, ishini juda yaxshi ko‘rardi. Kitoblar jon-u dili edi. Toshkentga borsalar, albatta bir dasta kitob ko‘tarib kelardi. Ularning hammasi o‘ziga bo‘lmasdi, albatta. Biz uchun, yaqin shogirdlari, do‘stlari uchun ham bo‘lardi...

    O‘g‘lim, Sharof Xudoyberdiyev Samarqand davlat universiteti biologiya fakulteti bitiruvchisi, hozirda Germaniyaning Marburg universitetida katta ilmiy xodim bo‘lib ishlaydi. Otamning ilm-fanga bo‘lgan mehrini, jonkuyarligini shu o‘g‘limda ko‘raman. O‘g‘lim turk litseyida o‘qigan. O‘sha paytda Samarqandda turk litseyi bo‘lardi. Shu liseyda o‘qib yurgan paytlaridayoq, xalqaro olimpiadaga qatnashib bronza medali sohibi bo‘ldi. Talabalik chog‘larida Prezident stipendiyasi sovrindori bo‘ldi. Men hech qachon o‘g‘limga dars qil, deb tanbeh bermaganman. Litseyga o‘qishga kirgan vaqtlari ingliz tilini umuman bilmasdi. Ba’zi ingliz tilida o‘tiladigan fanlaridan qiynalmasin deb, uni ingliz tilidan qo‘shimcha darsga bermoqchi bo‘lganimizda, “Yo‘q, o‘zim o‘rganaman” deb, qisqa fursatda chet tilini o‘rganib olgandi. O‘shanda otam uning tirishqoqligini ko‘rib, “Hali o‘g‘ling bu zehni va ilmi bilan juda katta odam bo‘ladi”, derdi. Ulug‘ bobosining bashorati va duosi bilan farzandim bugun ilm ortidan ko‘plar havas qiladigan muvaffaqiyatlarga erishib, xalqimizga ozmi-ko‘pmi foydasi tegmoqda.

    -Ilm fan bilan shug‘ullanish albatta ko‘p vaqt talab qiladi...

    Ilm, ish, oilani hamma vaqt bir xilda olib borish, hammasiga birday vaqt ajratish imkonsiz. Otam asosiy vaqtini ishi va ilmga bag‘ishlardi. Shuning uchun oilada oilaviy masalalar ko‘proq onamning gardanida edi. Har bir qahramon erkak ortida uning qahramonlik darajasiga erishishi uchun sabab bo‘lgan ayoli turadi. Insonning hayot yo‘lida qozonadigan muvaffaqiyatlari, kezi kelganda boshiga tushadigan yaxshi-yomon kunlarni sabr va muvaffaqiyat bilan bosib o‘tish umr yo‘ldoshga ham bog‘liq. Otamning shunday inson bo‘lishida onamning ham hissasi katta. Onam ham asli O‘shdan. Oilamiz taqdirining Samarqandga bog‘lanishi ham bejiz emas deb o‘ylayman.

    Otam 1945-47-yillarda, juda yosh bo‘lishiga qaramay jamoa xo‘jaligi boshqaruvida kotib, bosh hisobchi yordamchisi vazifalarida ishlagan. 1951-yil Samarqandga kelib, Samarqand davlat universiteti filologiya fakultetiga o‘qishga kirgan. Universitetda o‘qib yurgan chog‘larida Vohid Abdullayevning nazariga tushib, ilmiy ishlarini davom ettirish uchun shu yerda qolganlar. Keyin onam Toshxon aya bilan oila qurgan. Shu tariqa yosh oila Samarqandga ko‘chib kelgan. Samarqandga kelgach, onam ham filologiya fakultetiga o‘qishga kirgan. Oldinma keyin biz tug‘ilganmiz. Shu tariqa taqdirimiz Samarqandga bog‘langan.

    Otam Samarqand davlat universitetidagi faoliyatini dastlab assistentlikdan boshlagan bo‘lsa, keyinchalik katta o‘qituvchi, dosent, 1984-yildan professor lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan. Oltmishinchi yillar oxirlarida o‘zbek adabiyotshunosligida juda kam o‘rganilgan mavzularga qo‘l urib, o‘zbek mumtoz adabiyoti tarixini o‘rganishga jiddiy kirishganlar. Qolaversa, otam fors, arab tillarining mohir bilgan, bevosita qadimiy qo‘lyozmalar bilan ham ishlay olganlar.

    -Rahmonqul Orzibekovning qizi degan nom hayotingizda sizga qay darajada ta’sir ko‘rsatdi?

    Rahmonqul Orzibekovning qizi degan nom meni hamisha har qanday vaziyatda, har tomonlama qo‘llab-quvvatladi. Qayerga bormay, familyamni eshitishlari bilan birdaniga meni tanib olishardi va otam haqida eslashardi.

    Faoliyatim davomida ma’lum muddat sudya bo‘lib ishladim. Bu kasb juda mas’uliyatli kasb. Bu ishda adolatli bo‘lish, qonun tarafdan turib vaziyatga to‘g‘ri va xolis baho berish muhim hisoblanadi. Shu paytlarda otam bilan ishim haqida gaplashib qolganimizda “Qizim, ishing juda mas’uliyatli kasb. Hamisha adolatli bo‘lishga harakat qil. Vaziyatga to‘g‘ri baho ber,” deb ko‘p aytardilar.

    Men butun umr hamisha Rahmonqul Orzibekovning qizi degan nomga munosib bo‘lishga harakat qilib yashadim. Mashhur insonning qizi bo‘lish oson emas, mas’uliyati og‘ir. Ochig‘ini aytganda, xato qilishga haqqim bo‘lmagan.

    -Shu mas’uliyatni qay darajada oqladim deb o‘ylaysiz?

    -Ma’lum darajada oqlay oldim, deb o‘ylayman. Inson o‘zidan yaxshi xotira, ko‘plab ilmiy asarlar, olim-shogirdlar, farzandu nabiralar qoldirsa, demak xayoti saodatli va mazmunli kechgan deb hisoblanadi. Ilohim otamning ruhi shod, oxirati obod bo‘lsin, boqiy dunyo saodatiga erishsin. Ularning yorqin xotiralari mudom yodimizda...

 

Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi
Iroda Bekmurodova suhbatlashdi