“XITOY – MARKAZIY OSIYO” YURIDIK ALYANSI: QONUNSHUNOSLIK HAMKORLIGINING YANGI BOSQICHI
Jahonda kechayotgan global integratsiya jarayonlari davlatlar o‘rtasida huquqiy, iqtisodiy va ta’limiy sohalardagi hamkorlikni chuqurlashtirishni taqozo etmoqda. Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi munosabatlar ham so‘nggi yillarda yangi mazmun kasb etmoqda. Shu yo‘nalishda 2025-yil 21-oktabr kuni Xitoyning Urumchi shahrida bo‘lib o‘tgan “Xitoy – Markaziy Osiyo yuridiк alyansi”ning ochilishi mintaqaviy huquqiy hamkorlik tarixida muhim voqea sifatida qayd etildi. Tantаnali ochilish marosimida Xitoy, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va boshqa mamlakatlarning yetakchi yuridik universitetlari, ilmiy markazlari hamda davlat organlari vakillari ishtirok etdi.

Ushbu alyans Xitoy Siyosiy-huquqiy universiteti (China University of Political Science and Law – CUPL) tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi – Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari (O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston) o‘rtasida huquqiy ta’lim, ilmiy tadqiqot va amaliy faoliyat sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishdan iboratdir.
Alyans doirasida xalqaro huquq va savdo huquqi sohalarida qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish, yuridik kadrlar tayyorlash va o‘zaro tajriba almashish, talabalar va professorlar uchun akademik almashinuv dasturlarini amalga oshirish, huquqiy innovatsiyalar hamda raqamli adliya sohasida ilmiy forumlar tashkil etish, Markaziy Osiyo davlatlarining milliy qonunchiligini o‘rganish va taqqoslama tahlillar o‘tkazish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish nazarda tutilgan. Ushbu faoliyat mintaqada huquqiy barqarorlikni mustahkamlash, huquqshunos kadrlarning global raqobatbardoshligini oshirish hamda ilmiy hamkorlikni chuqurlashtirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasining yurisprudensiya sohasidagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari – Toshkent davlat yuridik universiteti, Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti va Toshkent Vestminster xalqaro universiteti mazkur alyansning faol ishtirokchilari sifatida qatnashdilar. O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan qo‘shma ilmiy dasturlarni amalga oshirish, qonunchilikni takomillashtirishda xalqaro tajribadan samarali foydalanish hamda yuridik kadrlar tayyorlashga yangicha yondashuvlarni joriy etish bo‘yicha takliflar ilgari surildi. “Xitoy – Markaziy Osiyo yuridiк alyansi” nafaqat ta’lim sohasida, balki geostrategik nuqtai nazardan ham katta ahamiyat kasb etadi. Bu tashabbus “Bir makon – bir yo‘l” strategiyasining huquqiy asoslarini mustahkamlash, iqtisodiy loyihalarni huquqiy jihatdan ta’minlash hamda mintaqaviy barqarorlik va huquqiy madaniyatni yuksaltirishga xizmat qiladi.
Shinjon-Uyg‘ur avtonom viloyati markazi – Urumchi shahrida bo‘lib o‘tgan mazkur tadbir “Xitoy – Markaziy Osiyo huquqiy hamkorligi”ning yangi bosqichini boshlab berdi. Alyansning faoliyati nafaqat ta’limiy, balki amaliy huquqiy munosabatlar uchun ham samarali platforma sifatida xizmat qilishi, shu orqali Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy o‘rtasida huquqiy integratsiya jarayonlarini jadallashtirishi kutilmoqda.
Rahmatulla Mirzayev
Samarqand davlat universiteti
Yuridik fakultet dekani

