Samarqand davlat universitetida o‘tkazilayotgan “Markaziy Osiyo yaylovlari: global muammolar va global imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya o‘z ishini yakunlash arafasida. Konferensiya davomida Samarqand viloyatining Nurobod tumanidagi yaylovlarda dala seminari tashkil etildi. Unda anjumanda ishtirok etayotgan xalqaro tashkilotlar vakillari, xorijlik olim va professorlar, shuningdek Samarqand davlat universiteti vakillari qatnashdi.

    Dala seminari ishtirokchilari Nurobod tumanining Qarnobcho‘l hududlarida joylashgan “Tim – Ag‘ron chorvadorlari” MCHJ yaylovlari hududida yaylovlarni baholashning zamonaviy ekologik metodlariga asoslangan dala seminari kuzatuvlarini olib bordilar.  

    Dala seminaridan asosiy maqsad yaylovlar ekologik barqarorligini qayta tiklash, tabiiy holatini yaxshilash hisoblansa, ikkinchi masala yaylovlarni zamonaviy raqamli texnologiyalar yordamida baholashdir. Shu asosda xorijdan tashrif buyurgan olimlar, O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi tarkibidagi O‘zdaverloyiha davlat ilmiy loyihalash instituti xodimlari bilan birgalikda dronlar yordamida yaylovlar monitoringi o‘tkazildi.

    Samarqand davlat universiteti Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti direktori, dotsent Toshpo‘lat Rajabov dala seminari natijalari haqida ma’lumot berdi:

    - Hozirgi kunda Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida bir qator samarali ishlar amalga oshirilmoqda. “Markaziy Osiyo yaylovlari: global muammolar va global imkoniyatlar” konferensiyasi doirasida tashkil etilgan dala seminarlari tom ma’noda shunday harakatlardan biri bo‘ldi.

    Respublikamiz umumiy yer maydonining 47 foizi, ya’ni 21,1 mln. gektarini yaylovlar tashkil qiladi. Sug‘oriladigan yerlar esa bor-yo‘g‘i 4 mln. gektar. Birgina shu faktning o‘zi respublikamiz uchun yaylovlarni boshqarish sohasi qanchalik ahamiyatga ega ekanligini ko‘rsatadi.  Shu nuqtai nazardan, bugungi kunda qayta tiklanuvchi yem-xashak hosil qilish potensiali izdan chiqqan va chorvachilik maqsadlarida foydalanish uchun yaroqsiz holatga kelgan 11 mln. gektar yaylovlarning ekologik holatini yaxshilash asosiy muammo hisoblanadi. “Markaziy Osiyo yaylovlari: global muammolar va global imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya doirasida Nurobod tumani Qarnobcho‘l yaylovlarida dala seminari tashkil qildik.

    Seminar doirasida ushbu yaylovlarning ekologik holati, tuproq qatlami o‘rganildi, 2 gektar maydonga yaylov o‘simliklari ekildi. Cho‘l o‘simliklari o‘ta issiq muhitda o‘sishga moslashgani uchun asosan yilning sovuq mavsumida ekiladi. Shu asosda dala seminari doirasida Nurobod yaylovlarida shuvoqzorlarni qayta tiklash  bo‘yicha ishlarni boshladik.   Reja bo‘yicha, mazkur yaylov hududlariga shuvoq, izen, teresken kabi yaylov o‘simliklari ekildi. Shuningdek, dronlar yordamida yaylov hududlari monitoring qilindi. Kuzatuvlar natijasida ushbu yaylovlarning ayni holatini aks ettiradigan zamonaviy xarita shakllantirish uchun suratlarni qo‘lga kiritdik. Olingan natijalar orqali yaylovlarning zararlangan hududlari, o‘simliklar tarqalish ekologiyasi haqida yuqori aniqlikdagi manbalarga ega bo‘ldik. Bu ishlar bizga yaylovlarning hozirgi holatini baholashda ham iqtisodiy jihatdan, ham amaliy jihatdan foydali bo‘lib, aniq ma’lumotlarni qo‘lga kiritish imkonini beradi. Bu natijaga shu kungacha amalda bo‘lgan an’anaviy usullar bilan erishish qiyin edi.

    Endilikda dala kuzatuvlarida olingan natijalar qayta ishlanib, ilm-fanga tatbiq qilinishi kerak. Buning uchun eng avvalo, zamonaviy texnologiya va zamonaviy bilimlar kerak. Ammo afsuski, bugungi kunda bizda aynan yaylovshunoslik va yaylovlarni boshqarish yo‘nalishida zamonaviy mutaxassislar yetishmaydi. Bu borada konferensiyada ishtirok etayotgan xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik alohida o‘rin tutadi.

    Ochiq aytish kerak, shu kunga qadar yurtimiz olimlari tomonidan yaylovlar holatini yaxshilash bo‘yicha bir qator tizimli texnologiyalar ishlab chiqilgan. Lekin bu loyihalarni amalga oshirish juda katta kuch va mablag‘ talab qilib, iqtisodiy jihatdan qimmatga tushadi. Mana shunday yo‘llardan biri bu – yaylov yerlarini haydash orqali o‘simlik ekish. Bu yo‘l katta kuch va vaqt talab qilgani kamdek, tuproq qatlami tarkibining buzilishiga olib kelishi mumkin. Cho‘l tuproqlari tabiatning “nozik mahsuli” hisoblanadi. Agar tuproq qatlami bir marta buzilsa, yana avvalgi holatiga qaytishi qiyin. AQSH tajribasida mazkur xatoga yo‘l qo‘yilgan. O‘tgan asrning 20-30 yillarida Amerikada katta-katta yaylov hududlari qishloq xo‘jaligi maqsadlarida foydalanish uchun haydalgan. Buning natijasida kuchli chang bo‘ronlari hosil bo‘lgan. Shu sababli hozir AQSHda yaylovlarni haydash ta’qiqlangan. Shu kabi oqibatlar taqozosi bilan, bugungi kunda Amerikada tuproq qatlami va yaylov ekotizimlariga kam ta’sir ko‘rsatgan holda ekologik holatni yaxshilash imkonini beradigan texnologiyalar ishlab chiqilgan.

    Ilmiy tadqiqot, ta’lim jarayoni hamda yaylovdan foydalanuvchilarni birlashtirgan yagona mexanizm yaylov ekologiyasi va ularni boshqarish sohasini rivojlantirishga xizmat qiladi. Bu jarayonda Samarqand dalat  universiteti asosiy tayanch markaz vazifasini bajaradi. Konferensiya doirasida SamDU AQSHning Yaylovlarni boshqarish xalqaro jamiyatiga a’zo bo‘ldi. Bu borada Samarqand davlat universiteti, Respublika yaylov xo‘jaligini rivojlantirish uyushmasi va AQSH ning Nevada universiteti hamda Yaylovlarni boshqarish xalqaro jamiyati o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi. Ayni paytda ushbu jamiyatda O‘zbekiston seksiyasini tashkil qilish rejalashtirilmoqda. Bu vazifa O‘zbekiston yaylovshunoslariga dunyo miqyosida yaylov ekologiyasi sohasidagi yangiliklardan va zamonaviy ishlanmalardan xabardor bo‘lish imkonini beradi.

    Shuningdek, Samarqand davlat universiteti va AQSH ning Nevada universiteti o‘rtasida yaylov ekologiyasi va yaylov boshqaruvi sohasida magistratura yo‘nalishida qo‘shma ta’lim dasturi yo‘lga qo‘yishga kelishildi. Shuningdek, 2023-yilning fevral oyida Respublika yaylov xo‘jaligini rivojlantirish uyushmasi hamda Samarqand davlat universiteti olimlaridan iborat delegasiya Xalqaro yaylovlarni boshqarish jamiyati tomonidan AQSH da o‘tkaziladigan konferensiyada ishtirokchi sifatida qatnashishi rejalashtirilmoqda. Umuman olganda, O‘zbekistonda rivojlanishi zarur soha sifatida qaralayotgan yaylov ilm-fani faqat yaylov ekologiyasi va ularni boshqarishni rivojlantirish nuqtai nazaridan emas, balki unga qo‘shimcha sifatida yaylov ishlab chiqarishi, yaylov turizmi kabi yo‘nalishlarda ham yangi ishlar amalga oshirilishni taqozo qiladi. Bu kabi ishlar amaliy-nazariy nuqtai nazardan ilmiy asoslangan holda o‘lkamizda ham amalga oshirilishi kerak.

    Anjumanning keyingi kunida dronlar yordamida olingan natijalar tahlilidan iborat o‘quv seminari tashkil qilindi. Unda dala seminarida ishtirok etgan xorijlik olimlar qo‘lga kiritilgan ma’lumotlarni tahlil qilish bilan bir qatorda aniqlangan muammolar bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdilar.  SamDU olimlari va konferensiya ishtirokchilariga Nevada va Rostok universiteti olimlari dronlar yordamida olingan yaylov fotosuratlarini maxsus dasturiy vositalar yordamida qayta ishlash usullarini o‘rgatdi.

    Xorijlik olimlar respublikamiz sharoitida yaylovlar ekologiyasini yaxshilash uchun ikki tomon: ekologik va iqtisodiy jihatga asosiy e’tibor qaratish kerak ekanligini alohida ta’kidladi va bu borada bir qator amaliy takliflarni berdi.

    Qayd etish joizki, yaylov ilm-fani rivojlangan mamlakatlarda raqamli texnologiyalar, geografik axborot tizimlari va masofaviy zontlash usullaridan keng foydalanilgan holda yaylov muammolarini bartaraf etishga harakat qilinmoqda. 

    Samarqand davlat universiteti tashabbusi bilan o‘tkazilgan mazkur konferensiya soha mutaxassislari, hamkor tashkilotlar oldiga katta vazifalar qo‘ysa-da, O‘zbekistonda yaylov ilm-fani va ishlab chiqarishi sohasini zamonaviy darajada rivojlantirishga hissa qo‘shib, respublikamiz yaylovlari ekologik holatini yaxshilashga qaratilgan katta loyihalarni amalga oshirishda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.

Iroda BEKMURODOVA,

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.

Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.