Hozirgi globallashuv sharoitida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga birgina mamlakat miqyosida erishib bo‘lmaydi, balki butun dunyo bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar ko‘rish, asosiy yo‘nalishlarni belgilab olish o‘ta muhimdir. Bu borada Samarqand davlat universitetida dunyoning nufuzli olimlari bilan hamkorlikda anʼanaviy ravishda o‘tkazilib kelinayotgan «Oziq-ovqat xavfsizligi: milliy va global muammolar» mavzusidagi xalqaro ilmiy anjuman muhim platforma vazifasini o‘tamoqda.

    Joriy yil to‘rtinchi marta bo‘lib o‘tadigan anjuman sohada faoliyat olib boradigan nufuzli tashkilotlar va jahonning 20 dan ortiq davlatlari olimlari, ekspertlar, investorlar, mutaxassislarning  o‘zaro tajriba va fikr almashish hamda istiqbolda rejalashtirilgan vazifalarni ishlab chiqishi kutilmoqda.

     “Oziq-ovqat xavfsizligi: milliy va global muammolar» mavzudagi  IV xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda  koronavirus pandemiyasi davrida O‘zbekiston va jahonda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash Konsepsiyasini amalga oshirishning muhim masalalari va muammolari, stress omillar taʼsiridagi noqulay mintaqalarda tabiiy resurslardan barqaror foydalanishning ustuvor yo‘nalishlari, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda  zamonaviy bio va agrotexnologiyalarni qo‘llashning ahamiyati, oziqlanish va ovqat hazm qilish sohasidagi zamonaviy tadqiqotlar hamda ularning dolzarb masalalari, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda fan, taʼlim va ishlab chiqarishning integrasiyasi kabi dolzarb masalalar muhokama etilishi ko‘zda tutilgan. Shu bilan bir qatorda, dunyoning turli mintaqalarida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash maqsadida olib borilayotgan keng ko‘lamli ilmiy-tadqiqot ishlari konferensiyaning diqqat markazida bo‘ladi.

     Bakriddin Zaripov,

     Samarqand davlat universiteti professori, akademik.