Iqlim o‘zgarishi, suv va tabiiy resurslarning yetishmasligi, pandemiyaning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari - bu kabi omillar taʼsirida oziq-ovqat xavfsizligi masalasi dunyodagi eng dolzarb muammolaridan biriga aylandi. Negaki, jahon bozorida oziq-ovqat mahsulotlari narxining keskin ko‘tarilishi kuzatilmoqda. Xalqaro ekspertlarning prognoz qilishlaricha, joriy yilda dunyoda oziq-ovqat mahsulotlari narxi kamida 20 foizga o‘sishi mumkin.

    Maʼlumotlarga qaraganda, bu yilgi dehqonchilik mavsumida Yevropa mamlakatlarida kuzatilgan qurg‘oqchilik va Ukraina inqirozi tufayli taxminan 3 million tonna don yo‘qotilgan. Xususan, qurg‘oqchilik oqibatida g‘alla hosili Vengriyada 11 foiz, Ruminiyada 20 foiz, Bolgariyada 11 foiz kamaygan. Fransiya, Polsha, Moldava va hatto Italiyada ham g‘alla hosilining katta qismi boy berilgani aytilmoqda.

       Qishloq xo‘jaligida kuzatilgan yana bir muammo - azotli o‘g‘itlar taqchilligi va ularning narxi oshib ketganligi ham oziq-ovqat mahsuloti taʼminoti va bahosiga taʼsir ko‘rsatishi kutilyapti. Bu yerda gap Yevropa va Osiyo mamlakatlarida takroriy ekin bo‘lgan sholi yetishtirishda duch kelingan muammo haqida ketmoqda. Chunki guruch mahsulotlari yetkazib beruvchi asosiy davlatlarda sholizorlarni mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirishning imkoni bo‘lmagani tufayli hosildorlik pasayib ketgan.

    Bularning bari jiddiy chora-tadbirlar ko‘rish, muhim isteʼmol tovarlari zaxirasini yaratish, eng asosiysi, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoatiga innovasiyalar va ilg‘or texnologiyalarni, shuningdek, ilm-fan yutuqlarini qo‘llash orqali sifat jihatidan rivojlantirishni taqozo etmoqda.

   Murtazo RAHMATOV,

  O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan iqtisodchi, Senator.