Rustam Xolmurodov, Samarqand davlat universiteti rektori: “Grant asosida o‘qishga qabul qilingan talabalarning ota-onalari rag‘batlantiriladi...”
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetiga yangi o‘quv yilida grant asosida talabalikka tavsiya etilgan yoshlarning ota-onalariga Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodovning Tashakkurnomalarini topshirish davom etmoqda.
Maktab, mahalla va oila. Ushbu uch muqaddas dargoh bugun yoshlarimizning ta’lim va tarbiya maskani hisoblanadi. Donishmandlarimiz aytganidek, yoshlikda olingan bilim, toshga chizilgan naqshga o‘xshaydi. Bugun farzandlarini ilmga yo‘naltirib, ularga ta’lim-tarbiya berayotgan ota-onalar ham ilm-fan homiylaridir.
Samarqand davlat universitetida boshlangan ushbu loyihada ham yoshlarni ilm olishga undash, ota-onalar o‘rtasida farzandini o‘qitishni targ‘ibot qilish, aynan shunday ziyoli oilalarni mahallaga o‘rnak sifatida ko‘rsatish va shu orqali ilm-ma’rifatni ommalashtirish maqsad qilib olingan.
SamDU inson resurslarini boshqarish fakultetiga grant asosida qabul qilingan oqdaryolik Davlatbek Asatov tumandagi 28 maktabda tahsil olgan. Ota-onasining farzandlarini o‘qitib, ilmli qilishga bo‘lgan ishtiyoqi va o‘z qiziqishlari bilan Davlatbek bank ishi va auditi yo‘nalishiga davlat granti asosida talabalikka tavsiya etildi.
O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodovning tashabbusi bilan farzandini ilmli qilib, yaxshi tarbiya bilan voyaga yetkazgan Davlatbekning ota-onasi Aktam Jo‘rayev va Malika Jo‘rayevalar Tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Mahalla ahliga o‘rnak olsa arziydigan oila sifatida ko‘rsatilib, farzandlarini ilmga yo‘naltirganlari uchun alohida minnatdorlik bildirildi.
- Farzandlarimiz o‘qib, davlatimizga xizmat qiladigan inson bo‘lishini niyat qilganmiz, - deydi Davlatbekning onasi Malika Jo‘rayeva. – Har bir ota-ona uchun farzandining kichkina yutug‘i ham katta xursandchilik bag‘ishlaydi. O‘g‘limga hozirdan shunday e’tibor bilan qarayotgan universitet rahbariyatiga rahmat. Ilohim jamiyatimizda ziyoli yoshlar, ilm-fanni qo‘llab-quvvatlaydigan mana shunday insonlar ko‘paysin.
Farzandini o‘qitgani uchun, unga yaxshi tarbiya berib, grant asosida o‘qishga kirishiga sharoit yaratib bergan ota-onalarni taqdirlash jarayonlari davom etmoqda.
Otabek Sa’dullayev
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar.