Samarqand davlat universiteti talabalarining Buxorodagi sayohati davom etmoqda…

    Samarqand davlat universitetining “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil” dasturi asosidagi turizm sayohatining ikkinchi kuni nihoyasiga yetdi. Talabalar reja asosida “Yetti pir” ziyoratgohining  Xoja Abdulxoliq ibn Abduljamil G'ijduvoniy, Xoja Muhammad Orif  Revgariy, Xoja Mahmud Anjirfag‘naviy, Xoja Ali Romitaniy, Xoja Muhammad Boboyi Samosiy maqbaralarini ziyorat qilib, Qur’on tilovatlar qilishdi.

    - To‘rt kunlik sayohatimizning ikkinchi kuni nihoyasiga yetdi, - deydi SamDU filologiya fakulteti talabasi Kamron Axmedov. - Kecha Buxoro shahrining qadimiy obida va maskanlari bilan tanishgan edik. Bugun esa “Yetti pir”ni ziyorat qildik. Bu ulug’ zotlar haqida mumtoz adabiyotlarda o‘qiganman, nazariy bilimga egaman. Endi amalda ko‘rib ziyorat qilish nasib qildi. Ziyoratimiz va sayohatimiz ko’tarinki ruhda o‘tmoqda. Qolaversa, bizning dam olishimiz uchun shinam mehmonxona, transport vositalari, ovqatlanishimiz uchun barcha xarajatlarni Samarqand davlat universiteti o‘z mablag’lari hisobidan qoplab bermoqda. Xavfsizligimiz va salomatligimiz ta’minlash maqsadida Ichki ishlar xodimlari hamda shifokorlar biriktirilgan. Ushbu sayohat uchun SamDU rahbariyatiga minnatdorlik bildiraman.

    - Samarqand va Buxoro tarixi bir-biriga chambarchars bog’liq. Ikkovi ham buyuk alloma va ulamolar yurti hisoblanadi, - deydi SamDU psixologiya va ijtimoiy munosabatlar fakulteti talabasi Nozanin Hamidova. - Biri Yer yuzining sayqali bo‘lsa, ikkinchisi Islom dinining markazidir. Sayohatimiz va ziyoratimiz men kutganimdek a’lo darajada o‘tmoqda. Talabalar ham ma’naviy, ham madaniy hordiq olmoqda. Ayniqsa bugun “Yetti pir” ni ziyorat qilib, ruhan tetiklashdim. Yana ikki kunli sayohatimiz ham mazmunli o‘tishiga ishonaman. Bizga ushbu imkoniyatni yaratib berganligi uchun SamDU rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodovga minnatdorlik bildiraman. O‘qituvchi va talabalarimizning ziyorati qabul bo‘lsin!

Behruz Shamsiddinov

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.