Samarqand davlat universitetining  648 nafar talaba, 33 mas'ul, jami 681  professor o‘qituvchi va talabalari “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil” dasturi asosida Buxoroda bo‘lib turibdi. Ushbu dastur to‘rt  kunlik sayohatni o‘z ichiga qamrab olib, reja asosida Buxoro shahrining tarixiy yodgorliklari, qadimiy maskan va qadamjoylarini ziyorat qilishdan iborat.

    - Buxoroga sayohat dasturi biz talabalarga yangi o‘quv yilini ko‘tarinki ruhda boshlab bermoqda, - deydi SamDU biologiya fakulteti talabasi  Shahlo Tursunova.     - Fakultetimiz dekan va dekan o‘rinbosarlari nazorati ostida Buxoro bilan tanishishni boshladik. Sayohatimiz uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilgan. Shinam mehmonxonalar, sifatli oshxonalar, qolaversa, transport vositalari ham bizga yaxshi xizmat ko‘rsatmoqda. Shuni alohida ta’kidlashim kerakki, 4 kunlik sayohatimiz uchun barcha moliyaviy xarajatlar Samarqand davlat universiteti rahbariyati tomonidan to‘lab berilmoqda. Buning uchun SamDU rektori professor, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodovga minnatdorlik bildiraman.

    - Yangi o‘quv yilini yaxshi kayfiyatda boshlab oldik, - deydi Samarqand davlat universiteti matematika fakulteti talabasi Sohib Mahmudov. - Buxoroga ilk bor tashrif buyurishim, taassurotlarim a’lo darajada. Buxoro amirligining so‘nggi hukmdori Said Olimxonning yozgi qarorgohi hisoblanmish Sitorai Moxi Xossa, Ark qo‘rg’oni, Labihovuz ansambliga sayohat uyushtirdik. Ertaga dastur asosida “Yetti pir”ni ziyorat qilishni niyat qildik…

    - Men tarixchiman, bolaligimdan shu sohaga qiziqaman, - deydi talaba Sardor Ikromov. - Buxoro haqida bir qator ma’lumotga egaman, lekin amalda ko‘rmagan edim. Ushbu sayohatimiz davomida tirik tarixga guvoh bo‘lib turibman. Ayniqsa Buxoro Ark qo‘rg’oni haqida yangi ma’lumotlarga ega bo‘ldim. Bu sayohatimiz biz tarixchilar uchun juda muhim. Barcha tashkilotchilarga minnatdorlik bildiraman.

Behruz Shamsiddinov

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.