Maʼlumki, insoniyatning iqlimga bo‘lgan munosabati asrlar davomida eʼtirof etib kelingan.  Negaki, birgina ana shu Ona tabiat sinoati  butun boshli tamaddun va sayyoramiz shakl-shamoyiliga ham taʼsir ko‘rsatishi turgan gap.

    Hozirgi axborot asrida iqlim asoratlari  insoniyat xo‘jalik faoliyatining barcha qirralari xususan, qishloq o‘jaligidan tortib energetika, transport harakati, zamonaviy  nano texnologiyalardan foydalanish va boshqa jabhalarda  hamda, inson salomatligiyu faoliyatlarida ham yaqqqol namoyon bo‘lmoqda.

    Boz ustiga, qitʼalar va yirik-yirik davlatlar misolida suv toshqinlari, bo‘ronlar, o‘rmonlar yong‘ini, cho‘llanish jarayonlarining kuchayishi, zilzila kabi tahdidlarning ro‘y berishi chindanda dunyo afgor ommasini jiddiy o‘ylashga majbur qilmoqda.

    Shu o‘rinda masalan, Hindistondagi suv toshqinlari, jazirama issiqlik, dengiz okeanlarga yaqin davlatlardaga o‘pirilishlar yoki Turkiya va Yevropa davlatlaridagi yer silkinishlari, Ispaniya yoki Fransiyada shu yil anomal iqlim o‘zgarishlari oqibatida odamlarning nobud bo‘lishi va boshqa o‘zgarishlar-bularning barchasi iqlim asoratlarining insoniyatga bo‘lgan “sovg‘a-salomiyu karami” deyish mumkin.

    Bundan chamasi 10 yil avval bo‘lib o‘tgan “Butunjahon iqtisodchilar forumi”da iqlim o‘zgarishi, insoniyatni moddiy neʼmatlar bilan yetarli darajada  va toza ichimlik suvi bilan bir maromda taʼminlashda yuzaga kelgan uzulishlar shuningdek, energiya resurslari va ayniqsa, qishloq xo‘jaligida oziq-ovqat tanqisligining vujudga kelishi masalalari bilan bog‘liq muammolar global nuqtai nazardan  eng muhim xavf-xatarlar ro‘yxatidan o‘rin olganligi sir emas, albatta.

    Sayyoramizning bu qadar izdan chiqishi tasodif emas, balki bu qonuniyatlar girdobida ro‘y bergani holda global muammolar sirasiga tuproq unumdorligining pasayishi, xossalarining yomonlashuvi, sho‘rlanish va eroziya jarayonlarining kuchayishi, sug‘oriladigan va dehqonchilik qilinadigan yer maydonlarining izdan chiqishi va boshqalarni keltirish mumkin.

    Hech shubhasiz, bularning barchasi insoniyat tamadduni va salomatligi shuningdek, uning hayot-faoliyatiga tahdid solmoqda. Tabiiyki, bunday hol iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq tahdidlar salmog‘ini yanada oshirmoqda. Dunyodagi yetakchi kompaniyalar tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomalarda insonlarning 64 %i iqlim o‘zgarishini  o‘ta jiddiy muammo deb qaramoqda. Ayniqsa, Arktika kengliklari, Kanada, Rossiya, Norvegiya va yevropaning ko‘plab davlatlarida havo haroratining anomal o‘zgarishi yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.

    Misol uchun, birgina iqlim isishi bilan bog‘liq tahdidlarda yer yuzida har yili kamida  350 mingga yaqin insonlarning nobud bo‘lishi hisobga olingan bo‘lsa bu ko‘rsatgich 2030-yilga borib yarim million atrofida bo‘lishi bashorat qilinmoqda va hokazo. Biroq shuni alohida taʼkidlash o‘rinliki, tabiatda iqlim o‘zgarishlari hozirda ro‘y bergan yoki u bir zumlik hodisa sirasidan emas va bu jarayonning biz ilg‘amas va aql bovar qilmaydigan sinoatlari hali oldinda bo‘lishi ham mumkindir.

    Shu munosabat bilan mamlakatimizda bu borada ro‘y berishi mumkin bo‘lgan voqea-hodisalarning oldini olish va aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish borasida katta va salmoqli ishlar amalga oshirilayotganligini alohida taʼkidlash o‘rinlidir. Shu maʼnoda shaxsan Prezidentimiz tashabbuslari bilan kambag‘allikni keskin kamaytirish, aholi salomatligini har tomonlama muhofaza qilish shuningdek, moddiy neʼmatlar zahirasini yanada oshirish hamda ularning sifatini talab darajasiga yetkazish bosh maqsad qilib qo‘yilganligi eʼtiborga molik masala, albatta.

    Shunday qilib, yuqoridagilardan qatʼiy nazar insoniyat barcha kuch-qudrat, bilim va tafakkurni ishga solib, unga qarshi global tarzda chora-tadbirlarni belgilashlari biz yashayotgan va faoliyat olib borilayotgan davr talabidir.

 

    Ergash QOBILOV, Xidirali BOTIROV

    SamDU ekologiya va hayot  faoliyati kafedrasi professorlari