Olachipor karrak jigar kasalliklari uchun shifo (mi?)

Samarqand davlat universiteti biologiya fakulteti magistri Baxtiniso Doniyorova “Olachipor karrakning ba’zi biologik xususiyatlari” mavzusida ilmiy tadqiqot olib boradi. Mazkur mavzu bo‘yicha bir qator maqolalari respublika va xalqaro nashrlarda chop etilgan. Ilmiy rahbari botanika kafedrasi dotsenti Zebiniso Nomozova.
– Dunyo bo‘ylab dorivor oʻsimliklardan foydalanish kundan-kunga sezilarli darajada ortib bormoqda, - deydi Baxtiniso Doniyorova. - Zamonaviy qishloq xoʻjaligida farmatsevtika sanoati uchun dorivor oʻsimlik turlaridan olinadigan xomashyo bilan taʼminlash muhim hisoblanadi. Isteʼmol qilinadigan umumiy dori vositalarida tabiiy oʻsimliklardan tayyorlangan dori vositalari 50-60 foizni tashkil qiladi. Ana shunday oʻsimliklardan biri olachipor karrak hisoblanadi. Olachipor karrak qimmatbaho dorivor oʻsimlik boʻlib, undan oziq-ovqat, farmatsevtika sanoatida foydalaniladi. Shu bilan birga olachipor karrak o‘simligi gulidan asal ham olinadi. O‘rtacha 1 gektar maydondagi karrak 50-70 kg asal beadi. O‘simlikning kimyoviy tarkibi hozirgi vaqtga qadar juda kam o‘rganilgan.
Hozirgi vaqtda olachipor karrak o‘simligi mevalari noyob kimyoviy tarkibga ega bo‘lib, o‘zida silimarin deb nomlangan flavolinganlar majmuasini mujassamlashtiradi. Ushbu flavolinganlar o‘tkir jigar kasalliklarida ishlatiladi. Shuningdek, uning mevalari tarkibidagi moy yara va kuygan joylarni tez bitkazuvchi va qayta tiklovchi vosita sifatida tibbiyotda qo‘llaniladi. Tabobatda karrak xomashyosi o‘tkir surunkali gepatit, sirroz va o‘t yo‘llarining shikastlanishlarini davolash uchun hamda yallig‘lanishga qarshi vosita sifatida ishlatiladi. Urug‘laridan tayyorlangan damlama gepatit va o‘t qopi kasalligida yaxshi yordam beradi. Shuningdek, taloq va bavosil kasalliklarida ham foydali hisoblanadi. Karrak moyidan qolgan kunjara odatda tashlab yuborilmaydi va ikkilamchi qayta ishlash uchun xomashyo bo‘lib xizmat qiladi. Rastoropsha mevalarining boshlang‘ich ekstrakti asosida uzoq bosqichli tozalashdan so‘ng gepatoprotektor faolligiga ega bo‘lgan – Legalon, Silimar, Karsil, Fosfonsiale kabi dori vositalari olinadi. Shuningdek, olachipor karrakni manzarali o‘simlik sifatida ko‘chalar va bog‘larni ko‘kalamzorlashtirish uchun ham ekish mumkin.
Iroda Bekmurodova
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar.