Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida tashkil etilgan “Axborot texnologiyalari va nanotexnologiyalar (ITNT-2025)” mavzusidagi XI xalqaro ilmiy-texnik anjuman bugun o‘z ishini davom ettirdi.
    Muhandislik fanlari, materialshunoslik, nanotexnologiyalar va zamonaviy axborot texnologiyalari masalalariga bag‘ishlangan ushbu anjumanda Janubiy Koreya, Yaponiya, Xitoy, AQSh, Hindiston, Singapur, Rossiya, Isroil, Eron va boshqa bir qancha mamlakatlarning olimlari qatnashdilar va ma’ruza qildilar.

Rossiyalik olimlar R. Mesheryakov, N. Bunkin, V. Venediktovlarning ma’ruzalaridan so‘ng anjumanning yakuniy qismiga o‘tildi. Bunda faol ishtirokchilarga maxsus sertifikatlar topshirildi.
Shu kunlarda anjuman tashkilotchilari va ishtirokchilari xalqaro anjuman ishi xususidagi o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdilar.

Muhsinjon ASHUROV, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi:
– Mazkur konferensiyaga shu soha bo‘yicha dunyoga mashhur olimlar yig‘ilishgan. Maqsad – axborot texnologiyalari va nanotexnologiyalar yo‘nalishidagi ilmiy faoliyat va tadqiqotlarni sarhisob qilishdir. Keyingi vaqtlarda fanning ushbu sohalari juda tez rivojlanmoqda. Anjumanning yana bir maqsadi mazkur yo‘nalishga daxldor fikr va takliflarni jamlab, tadqiqotlarning istiqbol rejalarini belgilab olish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va yosh olim-tadqiqotchilar faoliyatini rag‘batlantirishdir. Anjuman davomida ushbu maqsadlarga bir qadar erishildi, deb o‘ylayman.

Vladimir BOGATIREV, Rossiyaning Samara universiteti rektori:
– Bu konferensiya o‘n birinchi marta o‘tkazilayapti. Samarqand anjumanida ishtirokchilar safi ancha kengaydi. Yangi mavzular qo‘shildi, masalan, fotonika, biotibbiyot kabi. Ayniqsa, olimlar safida iqtidorli yosh tadqiqotchilar ko‘payayotgani quvonchli. Ular anjumanda va mavsumiy maktablarda fikr va tajriba almashishmoqda. Muhimi, olimlarning g‘ayratli va iqtidorli yosh avlodi shakllanmoqda.

Yong HONG, Sejong universiteti professori:
– Ushbu xalqaro konferensiyada uchinchi marta qatnashayapman. Nufuzli anjumanda, dunyoning taniqli olimlari huzurida o‘z tadqiqotlarim natijalariga asoslangan ma’ruza qilish men uchun katta sharaf. Men O‘zbekiston, Janubiy Koreya, AQSh qo‘shma loyihasi doirasida ilmiy izlanishlar olib bormoqdaman. Xalqaro ilmiy va akademik hamkorlik kengayishini va rivojlanishini istayman. Anjuman kunlarida Samarqand universitetining laboratoriyalari va Kvant markazi bilan tanishdim. Menda ajoyib taassurot qoldirdi. Samarqand universitetining ilmiy salohiyati yuqori ekanligiga amin bo‘ldim.

Sergey GORNOV, akademik, Rossiyaning A. Proxanov nomidagi Umumiy fizika instituti direktori:
– Samarqand qadimdan ilmiy markaz bo‘lgan. Shuning uchun ushbu nufuzli xalqaro anjuman Samarqandda o‘tkazilayotgani bejiz emas. Anjuman yuksak darajada tashkil etilgan. Bu O‘zbekistonda oliy ta’limga, ilmiy tadqiqotlarga juda katta e’tibor berilayotganidan dalolat. Samarqand universitetida ilmiy izlanishlar va tadqiqotlar uchun yaratilgan sharoitlarga havas qilsa arziydi. Anjuman shahringizda o‘tkazilishi tufayli samarqandlik olimlarning taklifi bilan kun tartibiga biotibbiyot, fotonika, muhandislik fizikasi kabi yangi mavzular qo‘shildi. Anjuman doirasidagi muloqotlarda yangi iqtidorli yosh olimlar kashf etildi. Xullas, anjuman ishi samarali bo‘ldi, deya olaman.

Bugun “Axborot texnologiyalari va nanotexnologiyalar (ITNT-2025)” mavzusidagi XI xalqaro ilmiy-texnik anjuman o‘z ishini yakunladi.