Inson xotirasi aziz

Ulug‘ ustoz saboqlari
Samarqand davlat universiteti professori, “ El-yurt hurmati”, “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari sohibi Botirxon Valixo‘jayev haqida ...
Ilmu irfon ziyosidan ingan Komillik umuminsoniy-umumbashariy axloq ta’limoti bo‘lmish tasavvuf nuqtai nazaridan bir qancha talqinlarda sharhlanadi. Alisher Navoiy “Saddi Iskandariy” dostonida e’tirof etganidek Inson Ollohning yerdagi xalifasi bo‘lib uning surati ham, siyrati ham komillikka qurbli va payvastadir.
Komillik martabasiga musharraf insonlar har qanday davrda ham zamona qutbi, ustuni, quvvati bo‘lib ulug‘langanlar. Tamaddun beshigi bo‘lib kelgan ko‘hna Samarqand farzandi ustoz Botirxon Valixo‘jayev Nabiraxo‘ja o‘g‘li (1932 ‒ 2005) qalbida ham, nazarida ham, tiliyu amalida ham hilm, tavoze’, poklik kabi mutafakkir zotlar fazilatlariga ega bo‘lgan komil inson – Qutbi zamon edilar.
Ustoz suhbatiga kim arjumand bo‘lsa, inson xoh shoh, xoh gado, xoh obid, xoh tolib bo‘lsin barcha hikmatlar timsolini, maqsad maslagini ustozda topardi. Chunki ustoz nihoyatda ma’rifatli oilada tarbiyalanib, umrlari davomida zoti bobarakotlar ilmidan bahra topgan zot edi.
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti o‘zining 600 yillik tarixini akademik Botirxon Valixo‘jayev ilgari surgan Madrasai oliya tarixidan lavhalar asosida butun jahonga yuzlanib ma’rifat bo‘stonini kashf etgan. Biz ham bu bo‘ston darg‘alari tarixi har zarvarag‘ini ustozimiz Botirxon Valixo‘jayev indirgan nur ziyosida tafakkur qilganmiz. Ustoz adabiyot aslida bori bilan inson ruhini, jismini, aqlu hushini tashakkuli uchun xizmat qiladigan bir ma’naviy-ma’rifiy kuch ekanini tolibi ilmlarni qo‘lidan tutib barcha manzaralariyu yo‘llarini ko‘rsatar edi.
O‘zbek adabiyotshunosligi va tarixshunosligi taraqqiyotiga ulkan hissasini qo‘shgan O‘zbekistonda Respublikasi fan arbobi, akademik Botirxon Valixo‘jayev ilmiy ishlari adabiyot tarixi, adabiyotshunoslik, navoiyshunoslik, adabiy aloqalar, tasavvuf va uning namoyandalari, Samarqand adabiy va ilmiy muhiti tarixiga bag‘ishlangan. Ustozning asarlari Rossiya, Afg‘oniston, Turkiya va Eronda nashr etilgan.
O‘zbek adabiyotshunosligi tarixining dolzarb muammolari mustaqilligimiz sharofati bilan xolisona o‘rganila boshlandi. Bu zalvorli vazifa ulug‘ mudarrislar zimmasiga tushdi. Biz bu mas’uliyat ifodasini ustoz yaratgan o‘chmas ilmiy manbalarda va yoshlarga nuktadonlik bilan soatlab so‘zlagan ma’ruzalar orqali kashf qildik. Ustozimiz yaratgan asarlar, aytgan so‘zlar barcha ilm ahliga mas’uliyat va vazifalar mundarijasi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Biz bu ilmlar qat-qatida o‘qib, hali anglaydiganlarimiz talay...
Ustozimiz tadqiqotlarida o‘zbek dabiyotining mumtoz siymolari bor haqiqati va bor ma’rifati bilan qad ko‘tardi. Alisher Navoiy siymosi, uning ilhom manbai, Samarqanddagi hayoti va ijodi ustoz qalamida yillar davomida sinchiklab o‘rganilgan qo‘lyozma va toshbosmalarda yashirilgan sirlar kashfi bilan qalblarni zabt etdi.
Ilm-fanning haqiqiy abrorlaridan biri sifatida akademik Botirxon Valixo‘jayev izlanishlarida Samarqand tarixidan parda ko‘tarilib “Buyuk ma’naviy murshid” quyoshi porladi. Yana bir bora Xoja Ahrori Valiy hayoti va faoliyati, tarixi, manoqibi o‘zbek xalqining ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy mulkiga aylandi.
Ustozimiz akademik Botirxon Valixo‘jayev istiqlolimizning ilk davrlarini ilm-fan, adabiyot, tarix, madaniyat istiqboli sifatida timsollashtirgan olimu ulamo edi. U kishi hayot bo‘lganida 90 yoshni qarshi olardi.
Biz 2001 yilda dorulfununimizga ilk qadam qo‘yishimiz bilan Universitet xiyoboni peshtoqlaridan birida akademik Botirxon Valixo‘jayev siymosi gavdalanganini ko‘rib shunday ustoz ma’ruzalarida ishtirok etganimizdan g‘ururlanardik. Bizni oilada ustozga bo‘lgan hurmat va muhabbatning cheki yo‘q. Samarqand davlat universitetining filologiya fakultetiga qadam qo‘ygan kunimdan padaribuzrugvorim, professor Muslihiddin Muhiddinov ulug‘ ustoz Botirxon Valixo‘jayevga shogird tutinishimni, olim bo‘lishimdan umidvorliklarini tayinlagandi. O‘qishning ilk kunlarida ustozning ma’ruzalarida qatnashganimda har bir talaba qatori u kishi gapirganda ko‘zimni, diqqatimni uzolmasdim. Ma’lumotlar bisyor, ammo ustozdan diqqatimni uzolmay turgan bir paytimda hayolimdan ma’ruzani daftarga yozish yo yozmaslik mushohadasi kechardi. Ammo yozib borish jarayonida aytilayotgan qimmatli gaplardan nimanidir anglab ololmay qolishdan qizg‘anib ko‘zimni ustozdan olmasdim. Xullas, ma’ruzani tinglashimu va g‘o‘rgina tafakkurimda yozib olish, yo diqqat bilan tinglash mushohadasida dars tugadi. Dars tugagach ustozni oldilariga rahmat aytish ilinjidami bordim, ustoz kitoblarini yig‘ishtirayotib meni taniganlarini va bu yerda o‘qiyotganimdan xursandliklarini aytib menga, “Mana bu ruchka sizga” deya ruchka sovg‘a qildilar. Shunda men ustoz fitratlaridagi bu ulug‘vor maqomotni hali anglab sharhlolmagan bo‘lsam-da, ammo “Domlamiz bobolarimizga o‘xshab odamni ko‘nglidan o‘tganni sezarkanlarmi?” degan savolni o‘zimga berib hayratda qolgandim.
2002-yil 1-aprel kuni akademik Botirxon Valixo‘jayevga ustozimiz Dilorom Salohiy shogird sifatida bag‘ishlab yozgan she’rlarini jamoadoshlar tabriklashi jarayonida yodlab aytib berishimni tayinlagandi. O‘sha kun ham yodimda men she’rni mas’uliyat bilan aytardim, she’rda bitilgan ta’rifu tavsiflarni ustoz nihoyatda kuchli hayo va andisha bilan tinglardi.
2005-yilda ustoz menga “Alisher Navoiyning “Vaqfiya” asari mohiyati va badiiyati” mavzusida bitiruv malakaviy ishi berdi. Ustozning rahnamoliklari bilan ishimni yozib tugalladim. Bitiruv ishi lotin alifbosida yozildi, ammo men ustozni yoshlari kattaligini inobatga olib ishni krill alifbosida daftarga ko‘chirib taqdim etganimda, nihoyatda ishimga hurmat bilan munosabatda bo‘lib, talaba ko‘nglimni e’zozlab ish krilda yoziladimi, deb daftar oxirida yozib savol qo‘yibdi. Ish lotinda yozilishini aytdim. Ustoz xorijiy navoiyshunos olima Mariya Eva Sabtelni maqolalaridan iqtibos olganimni e’tirof etdi. Suhbat chog‘ida ustozimiz yosh adabiyotshunos sifatida fransuz tilida chiqish qilib adabiyotshunoslikda xorijiy tajribalardan foydalanish, ilmiy merosimizni jahonga tadbig‘ etish tajribalari xususida mulohazalarini bildirdi. Men shunda ustozimiz qarashlarida butun jahon ilmida asli irfon nurini izlash donishmandligini yana qayta kashf etdim... Bitiruv ishimga ustozning qo‘llari bilan yozilgan “Ilmiy rahbar mulohazasi”ni tabarruk dastxat sifatida saqlab qo‘yganman.
Mana bugun ham shu dargoh va shu darg‘alar g‘avsida ilm ummonidan suv ichib kelayapmiz. Ustoz akademik Botirxon Valixo‘jayev jamiyatning barcha jabhasida o‘z ilmi va saboti bilan xizmat qilgan, dunyo g‘amini emas, faqirlik faxrini libos tutib ilmu haqiqat g‘amida bo‘lgan mo‘tabar zotlardan biri edi. Bunday zotlar insoniyat va yurt saodati bo‘lib dunyoga keladi. Ular barcha insoniy vazifalarini bajarsa-da, komillik martabasida ilmu ma’rifatga nisor bo‘lgan umri, taratgan ziyosi, o‘lmas kashfiyotlari, haqiqat yo‘lini ko‘rsata olishi bilan zamon qutbi va ustuni bo‘ladi.
Nazmiyaxon Muhiddinova
Sharof Rashidov nomidagi
Samarqand davlat universiteti
dotsenti, filologiya fanlari doktori .