Qovundan shakar olsa bo‘ladimi?

“ - Qovundan shakar olish texnologiyasini yurtimizda joriy etish orqali iqtisodiyotga ham, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga ham katta foyda keltirish mumkin. Qovun fruktozasi shakar mahsulotiga nisbatan arzon va kamxarj bo‘lish bilan bir qatorda qandli diabet va shunga o‘xshash kasalliklar bilan og‘rigan bemorlar uchun zararsiz hisoblanadi…”
Samarqand davlat universiteti agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi fakulteti talabasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti stipendianti Vohid Lapasov “Qovunning shifobaxshligi va qovun yetishtirishda mikroelementlarning o‘rni” mavzusida ilmiy tadqiqot olib bormoqda.
– O‘zbekistonda hozirgi davrda qovunning 160 dan ortiq madaniy navlari tarqalgan - deydi Vohid Lafasov. - Ular pishib yetilish muddati, hosildorligi, ta’mi, saqlanish muddatiga ko‘ra farqlanadi. O‘rta Osiyo qovun navlaridagi qand miqdori – 14-16 foizni tashkil qiladi. Tarkibida fruktoza miqdorining yuqoriligi sababli qovunning po‘sti o‘ta shirin, glyukoza moddasi ko‘p bo‘lganda esa nimshirin bo‘ladi. Mazkur xususiyatlar qovunning dorivorlik xususiyatlari va xalq tabobatida qo‘llanilishi bo‘yicha ahamiyatini belgilaydi.
Qovunning shifobaxshlik xususiyatlari o‘z davrida Ibn Sino tomonidan asoslab berilgan. Olim yurak, qon-tomir kasalliklari bilan og‘rigan bemorlarni qovun urug‘i va po‘sti bilan davolagan. Shuningdek, u buyraklarda paydo bo‘lgan toshlarni chiqarib yubora oladigan xususiyatlarga ega ekanligini ta’kidlagan. U qadimdan bronxit, sil, bosh og‘rig‘i, kamqonlikni davolashda va nafas yo‘llarini tozalashda undan tayyorlangan dori-darmonlar keng ishlatilgan. Vohid Lafasov o‘z tadqiqotida qovunning ana shunday shifobaxshlik ko‘rsatkichlarini inobatga olgan holda uni yetishtirish texnologiyasini takomillashtirish, hosil berish samaradorligini oshirishning yangi texnologiyalarini ishlab chiqishga harakat qilmoqda. Bunda, avvalo, qovun urug‘lariga mikroelementlar bilan ishlov berish asosiy o‘rin tutadi. Urug‘larning sifatini yaxshilash, ekin hosildorligini ko‘paytirish, hosilning pishishini tezlashtirish uchun urug‘larga mikroelementlar bilan ishlov beriladi. Mikroelementlar ta’sirida qovun hosildorligi oshadi, urug‘ining sifati yaxshilanadi. Urug‘larga ekish oldi mikroelementlar bilan ishlov berish jadal o‘sishni ta’minlaydi. Yashovchanlik qobiliyatini oshiradi.
Vohid Lafasov mazkur tadqiqot yuzasidan qovundan fruktoza olish texnologiyasi ustida ham ish olib borilmoqda. Ma’lumki, mamlakatimizda tabiiy mahsulotlardan faqatgina qand lavlagidan shakar olish texnologiyasi joriy qilingan. Holbuki, qovundan ham shakar olish mumkin. Mazkur g‘oya qovun shinnisidan sirop ko‘rinishida fruktoza olishni ko‘zda tutadi. Buning uchun yetishtirilayotgan qovun tarkibida saxaroza tarkibini oshirish muhim ahamiyatga ega. Qovundan shakar olish texnologiyasini yurtimizda joriy etish orqali iqtisodiyotga ham, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga ham katta foyda keltirish mumkin. Sababi, qovun fruktozasi shakar mahsulotiga nisbatan arzon va kamxarj bo‘lish bilan bir qatorda qandli diabet va shunga o‘xshash kasalliklar bilan og‘rigan bemorlar uchun zararsiz hisoblanadi.
Vohid Lapasov tadqiqot mavzusi yuzasidan 20 ga yaqin respublika, 10 ga yaqin xalqaro jurnallarda ilmiy maqolalar nashr ettirib, keng jamoatchilikning e’tibor markazida bo’lib kelmoqda. Ilmiy rahbari agrokimyo va o‘simliklar himoyasi kafedrasi professori Farhod Hoshimov. Tabiiy fanlar yo‘nalishi bo‘yicha fan olimpiadalari sovrindori. Shuningdek, yanvar oyida o‘tkazilgan onlayn olimpiadaning agronomiya yo‘nalishi g‘olibi. Samarqand markaziy kulgu ligasida universitetning “Ilhom” jamoasi tarkibida liga chempionligini qo‘lga kiritgan. Ayni paytda SamDU qoshidagi agrobiotexnologiya texnikumida kafedra laboranti vazifasida faoliyat yuritmoqda.
Iroda Bekmurodova,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi,
Shavkat Akramov olgan suratlar.